Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda Namanganda jami 913 megavatt generatsiya quvvati mavjud. So‘nggi uch yilda elektr iste’moli 24 foizga o‘sgan va bu davom etadi.

Shu bois viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo‘lgan uchta majmua loyihalashtirildi. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir.

hyper partners, tepelon group holding, гэс, ўзбекгидроэнерго, quyosh elektrоstansiyasi

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta GES kaskadini quradi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.

Ushbu GES to‘liq mamlakatda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga qurilishi kutilmoqda.

hyper partners, tepelon group holding, гэс, ўзбекгидроэнерго, quyosh elektrоstansiyasi

Pop tumanida Germaniyaning Hyper Partners kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi. Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollar bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Hyper Partners Tashkent City Mall majmuasini qurgan, shuningdek, UTI Transit (yoqilg‘i yetkazib berish va uning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga egalik qiladi), Euroasia Transportation and Logistics Company (yuk tashuvi), Cinematica (filmlar namoyishi), ZEM Ultra-Logistics va AKA Petroleum (omborga joylash va saqlash) kompaniyalarida ulushdor hisoblanadi (yoki avval ulushdor bo‘lgan).

Birlashgan Arab Amirliklarining Tepelen Group Holding Limited kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavatt bo‘ladi.

Joriy yil oxirigacha mazkur stansiyalarni tarmoqqa ulash rejalashtirilgan.

Mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2141 megavattga yetadi. Yillik 7,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo‘lgan 5,5 milliard kVt soatlik talabini to‘liq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltiriladi.

hyper partners, tepelon group holding, гэс, ўзбекгидроэнерго, quyosh elektrоstansiyasi

Marosimda Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda Pop va Uychi tumanlarida umumiy quvvati 200 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyihalar iste’molning ko‘payishi davrida yagona energiya tizimini muvozanatlash va iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga yordam beradi.

Shu yili yana 14 ta quyosh va shamol stansiyasi qurilishi doirasida tarmoqqa 2,6 GVt quvvat ulanadi.