Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Uchtepa tumani sudi 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan yopiq majlisda voyaga yetmagan bolaga jinsiy jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda o‘z vakolatlari doirasida sud hujjatlarini bolalar huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan o‘rgangan bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning matbuot xizmati xabar berdi.

Sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi “v” bandi (14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish / 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) aybdor deb topdi.

Bolalar ombudsmani idorasining “Gazeta.uz”ga oydinlik kiritishicha, qiz notanish erkak bilan liftda bo‘lgan vaqtida erkak unga (yechinmagan holda) nojo‘ya harakatlar qilgan.

“Bunday toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning yangi tartibiga binoan mazkur hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng mahkumga nisbatan jazoni yumshatishning hech bir chorasi qo‘llanmaydi va u jazoni to‘liq o‘taydi”, — deyiladi xabarda.

Bolalar ombudsmani bugungi kunda O‘zbekiston sudlarida “bola huquqlarini ishonchli ta’minlash borasida alohida qat’iyat va bolaning eng ustun manfaatlarini himoya qilishga ustuvorlik yondashuvi mustahkamlanib borayotgani”ni ta’kidladi.

“Bunday yondashuv yanada barqaror davom etishi va bu borada respublikada yagona sud amaliyoti shakllanishi zarur”, dedi u.

“Gazeta.uz” qonunlarga kiritilgan, ayollar va bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartishlar haqida yozgandi. Ular ustida bir yil davomida vazirlik va idoralar, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, fuqarolik faollari, jumladan, Nemolchi.uz loyihasining bir guruhi ishlagan.