Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) raisi Tuliya Ekson bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi Senat matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash masalalari, shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirlarning tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

“O‘tgan qisqa muddat ichida O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning ajralmas qismiga aylangani, hamkorlikda Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan Xalqaro parlament forumi hamda Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari 14-sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bunga yorqin misol bo‘la olishi alohida ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan kelasi yili Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda 150-Assambleyani hamda uning tegishli majlislarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.

“O‘zbekiston ushbu Assambleyaga mezbonlik qilayotganidan xursandmiz, chunki aynan sizning mamlakatingiz bunday sharafga munosibdir. Men Toshkentdagi yubiley Assambleyani PI va butun jahon parlamentarizmi tarixidagi unutilmas voqeaga aylantirish uchun bor kuchimni ishga solishga tayyorman” — deya ta’kidladi Tuliya Ekson.

Shuningdek, 2025-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan tadbir yakunlariga ko‘ra Tashkilot butun jahon parlament harakatining o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradigan tegishli hujjatni qabul qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.