Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt oqibatida ko‘plab qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan Rossiya prezidenti va xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi, deyiladi xabarda.

Prezident O‘zbekiston xalqi nomidan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga bardamlik so‘zlarini yetkazdi, jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi. U begunoh odamlarga qarshi sodir etilgan bu jinoyatni keskin qoralashini ta’kidladi.

Rossiya prezidenti O‘zbekiston prezidentiga qo‘llab-quvvatlagan so‘zlari va zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari ikki davlat xavfsizligi va barqaror rivojlanishiga tahdidga qarshi kurashish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishib oldi, deyiladi xabarda.