O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi moped va skuterlarni vaqtinchalik davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Yangi toifadagi transport vositalariga konstruktiv tezligi soatiga 25 dan 50 kilometrgacha bo‘lgan, dvigatelining ish hajmi 25 dan 50 santimetr kub gacha bo‘lgan, shuningdek, elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovattdan 4 kilovattgacha bo‘lgan moped va skuterlar kiradi.

Yangi raqamlarni berish 2024-yil 1-iyuldan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Mopedlar uchun XI1, skuterlar uchun esa XIE maxsus davlat raqami joriy qilinmoqda.

2025-yil 1-yanvardan ularni umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Raqamlar narxi BHMning 1,5 baravari miqdorida (510 ming so‘m) bo‘ladi.

Qaror loyihasini qabul qilish zarurati

Ichki ishlar vazirligining tushuntirish xatida aholi orasida tobora ommalashib borayotgan mototsikl, skuter, motorollerlar yo‘l harakati qatnashchilari xavfsizligini ta’minlashda qator muammolarni keltirib chiqarayotgani qayd etilgan.

2021−2022-yilar davomida xorijdan 50 mingdan ortiq elektromototsikl (2442 ta) va skuterlar (48 359 ta) keltirilgan bo‘lsa, 2023-yilda bunday turdagi transport vositalari 2,5 barobar (127 000 ta) ko‘p import qilingan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, skuter va mopedlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olinmaydi.

Bugungi kunda elektr mototransportining texnik hujjatlarida dvigatel quvvati 4 kilovattdan va maksimal tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmasligi ko‘rsatilganligi bois ularga davlat raqami berilmaydi, haydovchilik guvohnomasi talab qilinmaydi.

“Oqibatda bunday transport vositalaridan yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarga ega emas shaxslar, asosan, voyaga yetmaganlar va yoshlar, shuningdek, ayollar, keksa kishilar foydalanayotgani hamda yoshlarning qiziqqonligi yo‘llarda turli salbiy holatlarni keltirib chiqarish ehtimolini oshirmoqda”, — deyiladi tushuntirishda.

Qayd etilishicha, bunday omillar elektr mototransportdan o‘z bilganicha foydalanishga, yo‘llarda tartibsiz, qoidalarga umuman amal qilmasdan boshqarishga, harakat ishtirokchilari bilan bog‘liq noxush holatlar yuzaga kelishiga sharoit yaratmoqda. O‘z navbatida, skuterlar va mopedlar haydovchilari ishtirokidagi baxtsiz hodisalar soni keltirib o‘tilmagan.

Loyiha muhokamasi 4-aprelga qadar davom etadi.