22-mart kuni kechqurun Moskvadagi “Krokus siti holl” binosiga konsert boshlanishidan oldin qurollangan odamlar bostirib kirib, o‘t ochdi. Binoda bir nechta portlashlar sodir bo‘ldi va yong‘in boshlandi.

Qurbonlar soni 40 kishi bo‘lgani, 100 dan ortiq kishi jarohatlangani ta’kidlanmoqda. The Bell`ning qayd etishicha, ichkarida jami 6200 tomoshabin bo‘lishi mumkin.

“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, hujumchilar soni kamida uch kishini tashkil etgan, ular kamuflyajda bo‘lgan. Konsert zalining foyesida noma’lum bosqinchilar tashrif buyuruvchilarni otgan videoda avtomatlar bilan qurollangan kamida to‘rt kishi ko‘rinadi, deb yozmoqda BBC Rus xizmati. Baza Telegram kanalining yozishicha, hujumchilar jinoyat joyidan qochishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hujumchilar o‘t ochgandan so‘ng ular granata yoki bomba uloqtirgan, oqibatda yong‘in boshlangan, deb yozadi “RIA Novosti”. Binoning tomi qulab tushgan. O‘t o‘chiruvchilar 100 ga yaqin odamni konsert yerto‘lasidan olib chiqdi, binodan odamlarni qutqarish ishlari olib borilmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi terakt moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kelgusi dam olish kunlari Moskvada barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi.

18-mart kuni AQShning Rossiyadagi elchixonasi amerikalik fuqarolarni Yevropada, jumladan, Rossiyada va, ayniqsa, Moskvada rejalashtirilayotgan teraktlar xavfi haqida ogohlantirgandi.