Samarqand shahri Qorasuv dahasidagi ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagiga tug‘ilganiga 4−5 kun bo‘lgan qiz jinsli egizaklar tashlab ketildi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon axboriy dasturida ma’lum qilindi.

Lavhaga ko‘ra, sumkaga ustma-ust holatda joylangan chaqaloqlarni hudud hamshirasi ko‘rib qolgan.

самарқанд, egizaklar

“Bemorlarga qarab chiqayotgan vaqtimda shu yerda [zinalarni ko‘rsatib — tahr.] chekka tarafda turgan ekan. Men e’tibor bermabman. Keyin yig‘lagan ovoz eshitildi. Qo‘lchalarini qimirlatdi. Bu nima ekan deb qaradimu, vrachimga telefon qildim… Bitta bolacha tagida qolib ketgan, bunisi ustida. Bittasining boshi bu tomonda, biriniki boshqa tomonda…”, — deydi hamshira.

Kuzatuv kameralari tekshirilganda 2 egizakni niqob taqib olgan ayol qoldirib ketgani aniqlandi, ammo hali uning shaxsi ma’lum emas.

Xususiy klinika rahbari Bahriddin Doniyorovning taxminicha, ayol o‘sha atrofda yashovchi aholi vakillaridan biri bo‘lishi mumkin, sababi u yerda klinika borligi va birinchi yordam ko‘rsatilishini bilgan.

Ta’kidlanishicha, egizaklarning ahvoli yaxshi, ular to‘liq nazoratga olinib, parvarish qilinmoqda. IIB holatni o‘rganyapti.