21-mart kuni kechqurun Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan sel-suv toshqinlari sabab 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylarga suv kirdi. Viloyat hokimligi toshqin oqibatlari bartaraf etilayotganini ma’lum qildi.

Payshanba kuni taxminan soat 19:10 lar atrofida Qumqo‘rg‘on tumanidagi qir-adirliklarda kuchli yomg‘ir yog‘ishidan yig‘ilgan yomg‘ir suvlari Arnali soy orqali “Elobod” mahallasiga kirib keldi.

Ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari mahalla hududidagi ichki suv tarmoqlariga sig‘masdan, hududdagi 2 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 47 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylar ichkarisiga kirgan.

Shuningdek, kuchli yomg‘ir suvlari “Azlarsoy” soyidan toshib, soy quyisida joylashgan “Azlarsoy” mahallasi hududidagi 5 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylarga suv kirgan.

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish va aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, “Azlarsoy” mahallasidagi 56 ta xonadondan 210 nafar va “Elobod” mahallasidagi 32 ta xonadondan 150 nafar aholi xavfsiz hududda joylashgan yaqin qarindoshlarining uylariga vaqtincha ko‘chirildi. Tuman markazidagi “Yangi shahar” mahallasida joylashgan 2 ta 4 qavatli uylarning yerto‘lasiga yig‘ilgan toshqin suvlari yong‘in-qutqaruv texnikalari va motopompalar yordamida chiqarib tashlandi, deyiladi hokimiyat izohida.

Shuningdek, Qumqo‘rg‘on tumani “Elobod” mahallasi hududidan o‘tuvchi M-41 “Almata-Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo‘lining 1535−1536 km oralig‘ida transport vositalari va yo‘lovchilar xavfsiziligini ta’minlash maqsadida, vaqtinchalik harakat cheklandi. Suv toshqinlari tugaganidan so‘ng, yo‘lga yig‘ilgan loyqalar maxsus texnikalar yordamida tozalanib, soat 21:00 da ikki tomonlama transport qatnovi to‘liq tiklandi.

Ushbu hududda sodir bo‘lgan toshqin suvlari Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli UKga qarashli, “Qumqo‘rg‘on-Elbayon” peregoni PK 8−9 temir yo‘l ostidan o‘tgan suv quvuriga sig‘maganligi natijasida, temir yo‘lning taxminan 0,4 km qismidan toshib o‘tib, shag‘al qoplamasini qisman yuvgan.

Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzuli UKning 200 nafar ishchi-xizmatchilari, avariya tiklash poyezdi, 2 ta avtoyuklagich, 1 ta ekskvator yordamida, 28 ta vagonlarda olib kelingan shag‘al temir yo‘lning zarar ko‘rgan uchastkasiga yotqizilib, ta’mirlash va tiklash ishlari bajarildi hamda bugun, 22-mart kuni soat 07:00 da temir yo‘l harakati to‘liq tiklandi.

Ayni vaqtda “Elobod” mahallasi ichki ko‘chalari, yo‘llar va boshqa joylarni loyqadan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Tezkor tadbirlarga 462 nafar xodim, 7 ta texnika, 11 ta motopompa, 24 ta muxandislik texnikalari jalb qilingan. Yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida jarohat olganlar yo‘q, deyiladi xabarda.

Holatni viloyat hokimi nazoratga olgani aytildi. Voqea bo‘lgan kunning o‘zida hodisa joyiga viloyat hokimining o‘rinbosarlari, FVV vakili, FVB, IIB, MGB boshliqlari, tuman hokimligi, sektor rahbarlari, korxona va tashkilot mutasaddilari yetib borishgan hamda toshqinga qarshi viloyat tezkor shtabi tuzilgan.

Hozirda tezkor shtab hodisa oqibatlarini o‘rganyapti, yetkazilgan talofatlarni bartaraf etish, aholiga ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatning Sho‘rchi, Sherobod va Bandixon tumanlarining ayrim mahallalarida ham ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ish hodisalari sodir bo‘lgan bo‘lib, yomg‘ir suvlari hududlardan oqib o‘tuvchi sel yo‘llari orqali xavfsiz oqib o‘tgan. Ushbu hududlardan talofatlar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushmagan.

Tarmoqlarda tabiiy ofat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining ayrim hududlariga ham kirib kelgani aytiladi.

Voqeadan so‘ng Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumanida sel-suv toshqinlari sodir bo‘lgan mahallalarga bordi.

U hududdagi tozalash, ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi va viloyatdagi barcha tumanlar hokimlari bir kunga o‘z odamlari va texnikasi bilan kelib, ommaviy hasharda qatnashishini tayinladi.

Hokim, shuningdek, mahallalar toshqindan avvalgi holatidan ham yaxshi, infratuzilmasi rivojlangan manzillarga aylantirilishiga ishontirdi.