12-mart kuni soat tungi 1 da Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida ayol qaramog‘iga topshirib ketilgan jiyani — akasining qizini o‘lasi qilib kaltakladi. Bosh prokuratura matbuot kotibining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 7 yoshli qiz tuman markaziy tibbiy birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etdi.

Yozda yetti yoshga to‘ladigan qiz dekabr oyida ota-onasi tomonidan 35 yoshli ammasi N.I. qaramog‘ida qoldirilgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ularning Rossiyada ekani haqida xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, amma qizni dars tayyorlamagani va yolg‘on gapirganini vaj qilib, uni jazolagan.

Ayol qizni o‘ta shafqatsizlik bilan tanasining turli joylaridan qo‘llari bilan chimchilab, tanasining boshqa joylariga qo‘llari va yog‘och bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazgan, deyiladi xabarda.

O‘sha kuni kunduzi Bo‘ka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. 13-mart kuni ayolga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Oradan uch kun o‘tib, tuman markaziy tibbiy birlashmasida voyaga yetmagan qiz ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, vafot etdi.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.