O‘zbekiston BMTning Gellap instituti va Oksford farovonlik tadqiqot markazi bilan birgalikda har yili tuziladigan World Happiness Report — eng baxtli mamlakatlar reytingida 47-o‘rinni egalladi.

Hisobot butun dunyo bo‘ylab Xalqaro baxt kuni nishonlanadigan 20-mart kunida e’lon qilindi. Yangi hisobot turli yoshdagi odamlar o‘zlarini qanday baxtli his qilishiga qaratilgan. Mamlakatlar 2021−2023-yillardagi o‘rtacha ballar bo‘yicha tartiblangan. Ballar ma’lum bir mamlakat fuqarolari o‘z hayotlarini “Kantril zinapoyasi” (o‘zini o‘zi baholash bo‘yicha 10 ballik shkala) bo‘yicha qanday baholaganiga qarab belgilanadi. Tadqiqot jami 143 mamlakatda o‘tkazildi.

O‘zbekistondagi baxtiyorlik darajasi uch yil davomida 6,196 ball bilan baholangan — bu MDH davlatlaridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2020−2022-yillarga mo‘ljallangan reytingga nisbatan mamlakat o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga yaxshilagan.

O‘zbekistonda o‘zlarini eng baxtli his qilayotganlar keksalardir, yoshi o‘rtachadan past — 30−44 yoshdagilar esa o‘zlarini eng baxtsiz his qilmoqda. Aksariyat mamlakatlarda teskari tendensiya kuzatilgan — yoshlar keksalarga qaraganda baxtliroq.

MDH davlatlari orasidan Qozog‘iston ham kuchli 50 talikka kirdi — 49-o‘rinda. Moldova va Rossiya mos ravishda 71 va 72 o‘rinlarni egalladi. Qirg‘iziston 75, Tojikiston 88-o‘rinda.

Finlyandiya yana dunyoning eng baxtli davlati deb tan olindi, barcha beshta Shimoliy Yevropa davlatlari kuchli o‘ntalikka kirdi.

Baxt darajasi Sharqiy Yevropa mamlakatlarida, xususan, Chexiya, Litva va Sloveniyada ham oshdi, AQSh va Germaniya esa kuchli 20 talikdan tushib ketib, mos ravishda 23 va 24-o‘rinlarga joylashdi.

Reytingni Afg‘oniston yakunladi. Eng so‘nggi o‘rinlarda, shuningdek, Livan, Lesoto, Serra-Leone va Kongo ham bor.

Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, baxt darajasi eng ko‘p Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida — barcha yosh guruhlari bo‘ylab — o‘sib bormoqda. Sharqiy Osiyoda keksalar baxtlilashmoqda. Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada baxtlilik hisi barcha yoshdagi odamlarda tushib ketdi, ayniqsa, Shimoliy Amerikadagi yoshlarda ko‘rsatkich keskin pasaygan.

Sobiq SSSR

Mamlakat

Reytingda o‘rni

Armaniston

82

Ozarbayjon

101

Gruziya

91

Qozog‘iston

49

Qirg‘iziston

75

Moldova

71

Rossiya

72

Tojikiston

88

O‘zbekiston

47

Ukraina

105

*Hisobotda Belarus va Turkmaniston bo‘yicha ma’umotlar ko‘rsatilmagan.