Inson huquqlari bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili 27-sonli manzil koloniyaga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Qoraqalpog‘iston SSV vakillari ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda ombudsman matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, monitoring davomida mahkumlarning yashash sharoitlari, jumladan, yotoq joylari, yuvinish xonalari, tibbiyot bo‘limi, oshxona va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotgan joylar, mehnat sharoitlari hamda uzoq muddatli uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirilgan. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Bundan tashqari, mintaqaviy vakil mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlashib, muassasadagi sharoitlar bo‘yicha fikrlarini o‘rgangan va murojaatlarini eshitgan.

Koloniyadagi barcha mahkumlar 10 nafar tor doiradagi shifokorlar guruhi tomonidan ultratovush tekshiruvi (UTT), EKG va rentgen uskunalari yordamida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Natijada ularning 47 nafariga “Osteomiyelit”, “Osteoxondroz” tashhislari qo‘yilib, statsionar davo muolajalari buyurilgan.

“15 nafar mahkum shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, hududdagi poliklinikaning kardiologiya bo‘limida 20 nafar shaxsga ambulator va statsionar davo muolajalari o‘tkazilishi belgilandi. Shuningdek, 4 nafar mahkumga shifokor tavsiyasi bilan ko‘zoynaklar berildi”, — deyiladi xabarda.