21−24-mart kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP, my.gov.uz) xizmatlari faoliyat ko‘rsatmaydi. Portal matbuot xizmatiga ko‘ra, bu server qurilmalarini Raqamli hukumat markazining ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga ko‘chirish ishlari bilan bog‘liq.

“My.gov.uz portali va uning xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan barcha modullar, xususan, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan xizmat ko‘rsatishda foydalaniladigan dxa.gov.uz axborot tizimi faoliyati cheklanadi”, — deyiladi xabarda.

Sayt ishlashda davom etadi, ammo bu kunlarda arizalarni qayta ishlash to‘xtatib turiladi, bu arizalar ma’lumotlar bazasi ko‘chishi paytida yo‘qolib qolishining oldini olish uchun qilinmoqda, deya aniqlik kiritdi Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi “Gazeta.uz"ga.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zga chiqqan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov portalning yangi versiyasi ishlab chiqilgani, bu foydalanuvchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratishi haqida gapirgandi.

Avvalroq Adliya vazirligi rejalashtirilgan ish munosabati bilan 21-mart soat 21:00 dan 23-mart soat 09:00 gacha davlat xizmatlari tizimiga qo‘shimcha ravishda, “Notarius”, “Litsenziya” va tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimlari ham ishlamasligini ma’lum qilgandi.