AQShning Pensilvaniya shtati Montgomeri okrugida asli o‘zbekistonlik fuqaro sobiq xotinini, so‘ngra esa o‘zini otib o‘ldirdi, deb xabar bermoqda AQSh OAV. Voqea 16-mart kuni sodir bo‘lgan.

Politsiya xodimlari uyning yotoqxonasidan 43 yoshli Durdona Sultanova va 44 yoshli El Allabergning jasadlarini topgan (Al Allaberg, “Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, Allabergenov). Ekspertiza ayolning ko‘krak qismiga bir necha marta o‘q uzilganini aniqlagan. Uning o‘limi qotillik deb topildi. Allabergning boshida esa o‘q jarohati borligi ma’lum bo‘lgan. Uning o‘limi o‘z joniga qasd qilish deb baholandi.

Ma’lum qilinishicha, politsiyani uydagi ikki nafar yosh bolalar chaqirgan.

Strategik islohotlar agentligi loyiha ofisi rahbari Aziza Umarovaning aytishicha, Durdona Sultanova va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilari bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sultanova magistraturani Yaponiyada tamomlagan, keyinroq AQShga ko‘chib ketgan.

Marhumning do‘stlaridan birining aytishicha, sobiq er-xotinning ortida 10 va 12 yoshli ikki farzandi qolgan.

Sultanovaning do‘stlari GoFundMe platformasida dafn marosimi uchun mablag‘ to‘planishini ma’lum qildi.