AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (YeRA) ta’siri onkologik kasalliklar rivojlanishiga olib keladigan asbest mineralidan foydalanishni to‘liq taqiqlashini e’lon qildi, deb xabar beradi CNN.

Taqiq xrizotil-asbestga — mineralning AQShda ishlatiladigan yoki import qilinadigan yagona turiga nisbatan qo‘llanadi. Bu dunyodagi eng keng tarqalgan asbest turi hisoblanadi. Bugungi kunda u yana 50 ta davlatda taqiqlangan.

Rasmiylar sanoat tarmoqlari uchun asbestni bosqichma-bosqich bekor qilishning olti oydan besh yilgacha bo‘lgan turli muddatlarini belgilab qo‘ydi. Misol uchun, avtomobil sanoati uchun taqiq olti oy ichida kuchga kiradi.

YeRA ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 40 mingga yaqin amerikalik asbest bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etadi. “Ilmiy dalillar aniq — asbest bu aholi salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan kanserogen. Prezident Jo Bayden ko‘plab avlodlarga ta’sir qilgan bu muammo son-sanoqsiz odamlarning hayotini zararlaganini tushunadi. Shuning uchun YeRA asbestdan doimiy foydalanishga uzoq vaqtdan beri zarur bo‘lgan taqiqni nihoyat ma’qullaganidan g‘ururlanadi”, — dedi agentlik komissari Maykl Regan.

  • Asbest — tabiiy ravishda uchraydigan nozik tolali mineral. U moslashuvchan, korroziya va issiqlikka chidamli. Shu sabablarga ko‘ra va arzonligi tufayli asbest sigaret filtrlarida, fenlarda va binolarni izolyatsiyalashda ishlatiladi. Olimlar uning kanserogenligini isbotlagandan so‘ng, ko‘plab mamlakatlar ushbu mineraldan voz kechdi. Asbest ta’sirida o‘pka, halqum va tuxumdonlar saratoni, shuningdek, mezotelioma (plevra saratoni va peritoneal saraton) kelib chiqadi.
  • 2018-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) barcha mamlakatlarni asbestning hamma turlarini qazib olish, foydalanish, ishlab chiqarish va sotishni to‘liq taqiqlashga chaqirgan. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, asbest bilan bog‘liq yillik global sog‘liqni saqlash xarajatlari 2,4−3,9 milliard dollarni tashkil qiladi.
  • Asbestning asosiy jahon hajmi to‘rtta davlat — Braziliya, Xitoy, Qozog‘iston va Rossiya tomonidan ishlab chiqariladi. 2013-yilda O‘zbekiston asbest iste’molining asosiy qismini tashkil etgan yetakchi o‘nta davlat qatoridan joy olgandi.