18-mart kuni Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida o‘tkazilayotgan sayilda gaz chaqnashi oqibatida gaz balloni portladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

37 nafar fuqaro yong‘in tufayli turli darajada jarohat olgan va shifoxonaga olib ketilgan. Ulardan 7 nafari statsionar tartibda shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, 17 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois ambulator ko‘rikdan o‘tkazilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 13 nafarida tan jarohatlari aniqlanmagani sababli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uyiga qaytarilgan.

Hozirda holat yuzasidan Ko‘kdala tumani prokururaturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.