“Agrobank” Farg‘ona filialining sobiq mansabdorlari salkam 4 milliard so‘mni o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan, ularga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bankning ichki audit xizmati o‘tkazgan audit tekshiruvlarda filial boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelgan X.O. va boshqalar fevral oyida bankka 600 million so‘m pul topshirgan omonatchining mablag‘ini mart oyida boshqa maqsadlarda chiqim qilgan. Omonatchining plastik kartasiga o‘zlarining pullaridan bank orqali oyma-oy pul o‘tkazib, pul mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgan.

Bundan tashqari, bank filiali sobiq xodimlari Fergana-Oseana qo‘shma korxonasining 1,5 mlrd so‘m mablag‘ini qalbaki hujjatlar asosida, boshqa sobiq mansabdorlari esa kunlik kassa hujjatlari ma’lumotlarini soxtalashtirish yo‘li bilan 1,8 mlrd so‘mni o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan.

Mazkur holatlar barcha zarur hujjatlar Farg‘ona viloyati prokuraturasiga yuborilgan. Ular asosida Farg‘ona filiali sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va aybdorlarga tegishli ayblov e’lon qilingan.

Xususan, sudning hukmiga asosan X.O. va boshqalarga nisbatan jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandi (Juda ko‘p miqdorda, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan tegishli jazolar tayinlangan va yetkazilgan zararlar aybdorlardan undirilgan.

Moddaning ushbu bandlari bilan aybdor deb topilganlar bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.