Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘lib, agentlikning bugungi kundagi faoliyati va rejalari bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Loyihalardan biri “Agroko‘makchi” mobil ilovasi bo‘lib, unda o‘simliklar himoyasi, bu sohadagi xizmatlar, foydali ma’lumotlar, eksport bo‘yicha maslahatlar bilan tanishish mumkin.

Yana bir loyiha Asiaexport.se platformasi bo‘lib, u eksportchilar bilan chet eldagi xaridorlarni o‘zaro bog‘laydi. Unda nafaqat meva-sabzavotlar va quritilgan mevalar, balki sharbatlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qandolatchilik, to‘qimachilik, charmdo‘zlik va farmatsevtika mahsulotlari kabi keng turdagi tovarlarlar haqida ma’lumotlar joylashtiriladi.

o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, qishloq xo‘jaligi

Shuningdek, agentlikning xalqaro ePhyto solution innovatsion tizimi doirasidagi hamkorligi haqida ham axborot berildi. Bu tizim orqali 119 ta mamlakat bilan fitosanitar sertifikatlar elektron shaklda almashilmoqda. Joriy yilda yana 8 ta davlatga 25 turdagi mahsulot bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olinadi.

Mazkur qarorlar natijasida joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qariyb 2 milliard dollardan 3,5 milliard dollarga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Davlat rahbari buning uchun eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, fermer va dehqonlarning bilimini oshirish zarurligini ta’kidladi.

o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, qishloq xo‘jaligi

“Bu sohada huquqiy zamin bor, ko‘p davlatlar bilan kelishuvlarga erishganmiz. Lekin eksportchilar mahsulotini qiyinchilik bilan sotyapti. Shuning uchun eksportchilar bilan doimiy muloqot maydonini tashkil etish kerak. Hokimlar hududda yetishtirilayotgan mahsulotlar, elchilar tashqi bozordagi talab va narxlar bilan eksportchilarni tanishtirib borishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident meva-sabzavot mahsulotlarini xalqaro talablarga javob beradigan, zamonaviy dizaynga ega holatda qadoqlash masalasiga e’tibor qaratdi.

o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, qishloq xo‘jaligi

“O‘shanda sifat bo‘ladi, milliy brend yaratiladi, qo‘shilgan qiymat ham baland bo‘ladi. Shuning uchun eksportchilarga to‘g‘ri, tartibli va chiroyli qadoqlashni o‘rgatish kerak”, — dedi u.

Prezident muddati o‘tgan va sifatsiz mahsulotlar eksportga kirib kelishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar muhimligini ta’kidladi.

“Bu borada ham klaster tizimi bo‘lishi kerak. Ta’limdan boshlab, mahsulotlarni ekish, o‘g‘itlash, terib olib, saralashgacha bo‘lgan hamma bosqichlarni o‘zaro muvofiq va yuqori sifatda yo‘lga qo‘yish zarur” — dedi davlat rahbari.

o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, qishloq xo‘jaligi

Vazirlar Mahkamasiga ushbu tizimni takomillashtirish va eksportni tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali eksport hajmlarini nisbatan qimmat bozorlarga yo‘naltirish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari agentlikning zamonaviy laboratoriyasi bilan ham tanishib, uning ilmiy salohiyatini oshirish, jahon ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirish va tegishli idoralarga tezkorlik bilan joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda agrokimyo tizimida qo‘llanayotgan texnika va uskunalar ham namoyish etildi.

Zararli hasharotlarga qarshi kurashish uchun xorijdan yuqori samarali entomofaglar olib kelingan. Tajribali mutaxassislar ishtirokida har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish bo‘yicha ko‘llanmalar ishlab chiqilgan. 10 ta ko‘chma laboratoriya tashkil etilgan.

o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, qishloq xo‘jaligi

Joriy yilda hududlarda yana 10 ta ko‘chma laboratoriya tashkil etish rejalashtirilgan. 6 ming bog‘, 3 mingdan ortiq tokzor va dalalar, 344 ta qadoqlash korxonasi xalqaro fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirilishi kerak. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sifatsiz pestitsidlarning olib kirilishi va noqonuniy savdosiga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident soha mutaxassislarining malakasini oshirish, agentlik xizmatlari har bir fermer va tomorqa egasiga yetib borishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.