Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonovaga Toshkent shahrida yashovchi V.D.ning Rossiyaning Moskva viloyati Lyubersi shahridagi vasiylik organida bo‘lgan nabirasini qaytarishda yordam so‘rab qilgan murojaati kelib tushdi.

Ayol ikki yashar nevarasi Z.N. bir oydan beri vasiylik organida ekanini aytgan. Uning onasi Z.A. bolani enagasiga qoldirib, olib ketish uchun qaytib kelmagan, shundan so‘ng enaga politsiyaga murojaat qilgan. Politsiya xodimlari bolani vasiylik organiga topshirib, tashlandiq bola sifatida ro‘yxatga olib, yangi ism va familiya qo‘ygan.

Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyatni o‘rganmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi, xususan, qiz hech qanday hujjatsiz vasiylik organiga olib ketilgani haqida xabar bergan. Shu tufayli Rossiya tomoni bolaning shaxsi sud tomonidan aniqlanishi va qizning onasi bilan munosabatini tasdiqlash uchun DNK testi o‘tkazilishi kerakligini ma’lum qilgan.

Qizning onasi Rossiyadagi sudga qizi bilan oilaviy aloqalarini rasman tasdiqlash uchun ariza bilan murojaat qilgan.

O‘z navbatida, ijtimoiy himoya agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Rossiyaning vasiylik va homiylik organlariga qizcha buvisi V.D. qaramog‘iga topshirilishi uchun zarur hujjatlarni yuborgan.

“Hozirda bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan voyaga yetmagan Z.N.ni Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bir yil avval O‘zbekistonda bolani xorijda vasiyliksiz qoldirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy qilingan edi. Bu turdagi birinchi holat huquqbuzarlik deb baholanib, BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi. Shuningdek, huquqbuzar bolani 30 kun ichida O‘zbekistonga qaytarishi yoki huquqbuzarlikni bartaraf etishi shart.

Bunday harakatlar takroran sodir etilsa yoki bola O‘zbekistonga qaytarilmasa, jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Jinoyat BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdordagi jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.