O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 4-mart kuni budjet jarayoni hamda ichki audit faoliyatining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

14-mart kuni vazirlik qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etib, unda nazarda tutilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan taqdimot qildi va bunga qanday ehtiyoj borligini tushuntirdi.

Qonun loyihasi nima haqida?

Qonun loyihasi 7 ta moddadan iborat bo‘lib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Reglamenti to‘g‘risidagi qonunlari hamda budjet kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Asosiy o‘zgarish sifatida Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutmoqda. Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yarim yilda (amaldagi tartibga ko‘ra yilning har choragida) Qonunchilik palatasiga Davlat budjeti ijrosining borishi to‘g‘risidagi axborotni va zarur materiallarni yuboradi.

Shuningdek, birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilari uchun belgilangan budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarning bajarilishi bo‘yicha tegishli birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi rahbarlarining hisobotlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasida har olti oy yakunida eshitib borilishi belgilanmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglamenti to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ham nazarda tutilgan. Bunda, yangilangan Konstitutsiyaga asosan Davlat budjet to‘g‘risidagi hisobotlar faqat Qonunchilik palatasiga taqdim etilishi belgilanganligini inobatga olib, Senatning vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, parlament, qonun loyihasi

14-mart kungi davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish ishlarini jadallashtirishni so‘rab, kengaytirilayotgan Davlat budjeti hisobotlari tarkibiga qo‘shimcha ravishda budjet ssudalari to‘g‘risidagi hisobotlarni ham kiritishni taklif qildi.

Prezident administratsiyasi vakillari loyihada nazarda tutilayotgan, hisobotlarning davriyligi bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar mamlakatning Huquq ustuvorligi indeksidagi o‘rniga qanday ta’sir qilishini o‘rganish zarurligini, shuningdek ichki audit tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidladi.

Qonun loyihasida ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash maqsadida Davlat budjeti hamda davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot turlarini 5 tadan 10 taga kengaytirish taklif etilmoqda.

Amaldagi hisobot turlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Davlat budjeti ijrosining balansi.
  2. Davlat budjeti daromadlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot.
  3. Davlat budjeti xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot.
  4. budjet tashkilotlarining debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
  5. Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari bo‘yicha tarmoq, shtatlar va kontingentga doir rejaning bajarilishi.

Ularning qatorida quyidagi hisobot turlarini ham joriy etish nazarda tutilmoqda:

  1. Davlat qarzi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
  2. Yuqori budjetdan quyi budjetlarga, davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratilgan transfertlar to‘g‘risidagi hisobot.
  3. budjet tizimi budjetlarining chet el valyutasidagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobot.
  4. budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot.
  5. budjet tashkilotlarining nomoliyaviy aktivlari harakati to‘g‘risidagi hisobot.

Bundan tashqari, tuman va shaharlar hokimliklariga har chorakda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z rasmiy saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirish majburiyati yuklanmoqda.

Quyidagi 4 turdagi oylik hisobot joriy qilinishi va ular “Ochiq budjet” portaliga joylashtirilishi belgilanmoqda:

  1. Davlat budjeti daromadlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot.
  2. Davlat budjeti xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot.
  3. Davlat budjetidan ajratilgan transfertlar harakati to‘g‘risidagi ma’lumot.
  4. budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot.

Vazirlik oylik hisobotlar joriy etilishi bilan ularni tahlil qilib, keyingi xarajatlar amalga oshirilishi bo‘yicha tavsiyalar berish imkoniyati yaraladi, deb hisoblamoqda. Shuningdek, hisobot topshirish davriyligi qisqarishi (har chorakda emas, har yarim yilda) ularni tayyorlash va tasdiqlash jarayonini takomillashtirishi kutilmoqda.

Davra suhbatida vazirlik vakillari davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar topshirilishi bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilganini ta’kidladi. Jumladan, AQSh, Shvetsiya, Finlyandiya, Latviya, Estoniya va Avstriya kabi mamlakatlarda faqat yillik hisobotlar berilishi aytildi.

Shuningdek, Gruziya, Ozarbayjon, Ukrainada parlamentga ma’lumot uchun taqdim etilishi, Tojikistonda Prezident administratsiyasiga, Armanistonda Milliy Kengashga axborot tariqasida kiritilishi, Qozog‘istonda hukumatga taqdim etilishi, Rossiyada hukumat tomonidan tasdiqlanib, Davlat Dumasiga kiritilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, budjet kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Jumladan: 29-moddada Iqtisodiyot va moliya vazirligining vakolatidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflari asosida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan budjetdan ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga ma’qullash uchun kiritishni chiqarib tashlash belgilanmoqda.

29 va 97-moddalarda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar Oliy Majlisi palatalariga yuborilishidan oldin ularning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi amaliyotiga chek qo‘yilmoqda.

31-moddada budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning vakolat doirasiga budjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida joriy xarajatlarini qayta taqsimlash, jumladan tarmoqni rivojlantirish davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘larni bir rivojlantirish dasturidan boshqa rivojlantirish dasturiga qayta taqsimlash orqali mablag‘larni mustaqil tasarruf etish vakolatini kiritish nazarda tutilmoqda.

47-moddada Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ijro etuvchi direksiyasi Hisob palatasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligiga har yili 1-maygacha Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari loyihasini taqdim etishi belgilanmoqda.

50 va 51-moddalarda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan rezident-yuridik shaxslarga berilgan budjet ssudalari, kredit liniyalari va chet davlatlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qaytariladigan asosiy qarz (tani) summasi daromad sifatida qabul qilinmasligi belgilanmoqda hamda 51-moddada Respublika budjeti daromadlari tarkibidan qo‘shilgan qiymat solig‘idan qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash bilan to‘lovlar chegirilmoqda.

61-moddada tibbiyot tashkilotlarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiyot tashkilotiga ajratiladigan budjet mablag‘lari umumiy hajmining 10 foizigacha bo‘lgan miqdorda budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan shakllantirilishi belgilanmoqda.

103-moddada O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining yillik jamlanma xarajatlar smetasini tasdiqlash muddatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

120-moddada budjet tizimi budjetlarining ijrosi jarayonida budjetdan ajratilgan mablag‘larning ortiqcha rejalashtirilganligi aniqlangan mablag‘lar, shtat birliklari to‘ldirilmaganligi, shuningdek, tarmoq, shtatlar va kontingentlar bo‘yicha reja bajarilmaganligi natijasida bo‘shab qoladigan mablag‘larning ustuvor ravishda ish haqi va nafaqalar miqdorini, ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.

121-moddadan Davlat xaridlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi e’lonlarni maxsus axborot portalida joylashtirish joriy moliya yilining 10-dekabridan kechiktirmasdan amalga oshirilishini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlanmoqda.

125-moddada Yagona g‘azna hisobvarag‘ining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun joriy moliya yili mobaynida qisqa muddatlarga jalb qilinishi mumkinligi belgilanmoqda.

126-moddada Respublika budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan foydalanilgan mablag‘lar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga yilning yarim yilligi va yil yakunida hisobot taqdim etilishi belgilanmoqda.

129-moddada “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” mablag‘larining boshqa maqsadlarga ishlatilishi taqiqlanmoqda.

143-moddada yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushadigan qaytarilmaydigan pul tushumlari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

149-moddada Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda o‘zining joriy xarajatlari tarkibini qayta taqsimlashga ruxsat berilmoqda. 14-mart kuni bo‘lib o‘tgan davra suhbatida moliyachi, jamoatchilik vakili Otabek Bakirov qonun loyihasida nazarda tutilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga nisbatan ijobiy fikr bildirib, Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining joriy xarajatlari tarkibini mustaqil qayta taqsimlash bo‘yicha belgilanayotgan vakolatlarni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.

150-moddada budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan xarajatlar smetasiga yiliga ko‘pi bilan to‘rt marta o‘zgartirish kiritish amaliyotining soniga chek qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

152-moddada davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘lar tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlarini shakllantirish manbalari hisoblanmasligi, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlari tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlari tarkibiga kiritilmasligi hamda davlat qarzi hisobi alohida yuritilishi bilan bir qatorda davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirilishi belgilanmoqda.

164-moddada Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligiga hisobot davri uchun davlat aktivlari bilan bog‘liq tushumlar to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etishi nazarda tutilmoqda.

165 va 166-moddalarda Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalarning ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tarkibi va hisobotni taqdim qilish muddatlari bo‘yicha tegishli normalar kiritilmoqda.

1661-modda bilan tumanlar va shaharlar hokimliklarining jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar o‘z rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.

167-moddada mahalliy budjetlarning ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni Hisob palatasining xulosasi bilan birgalikda tegishincha Xalq deputatlari kengashlariga taqdim etish muddati belgilanmoqda.

170-moddaga ichki audit faoliyatiga oid umumiy qoidalar kiritilmoqda;

177-moddada hisobot yili yakuni bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishini moliyaviy nazoratdan o‘tkazilishi vakolatli organga berilmoqda.

26-bobga ichki audit xizmatlari faoliyatini tashkil etish, ichki audit xizmati tomonidan amalga oshiriladigan ichki audit faoliyati va tadbiri, ichki audit milliy standartlari va ichki audit xizmati faoliyati bo‘yicha hisobotga doir asosiy normalarni o‘z ichiga oluvchi 1791, 1792, 1793 va 1794-moddalar kiritilmoqda hamda shu munosabat bilan 26-bob nomiga o‘zgartirish kiritilmoqda.

Qonun loyihasi budjet kodeksining yana bir qancha moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.