15-mart kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Milliy qurultoy yig‘ilishini o‘tkazib, unda mahalliy tarixiy obidalarni muhofaza qilishdan tortib, mamlakat gerbini o‘zgartirishgacha bo‘lgan bir qator tashabbuslar bilan chiqdi. “Gazeta.uz” Qozog‘iston rahbari nutqidan eng qiziqarli gaplarni tanlab oldi.

Ziyolilar haqida

Qozoq ziyolilari o‘tmish haqida bahslashmasdan, milliy birlik masalalariga e’tibor qaratishlari kerak, deb hisoblaydi Toqayev.

“Xalq birligi ziyolilarning birligidan boshlanadi. Boshqacha aytganda, jamiyatimizdagi taniqli va obro‘li insonlar o‘rtasidagi birdamlik va hamjihatlik muhim ahamiyatga ega. Ular o‘rnak bo‘lishi, millat birligini mustahkamlash, yosh avlodni to‘g‘ri tarbiyalashga hissa qo‘shadigan chinakam katta va bunyodkor mavzularda gapirishi kerak”, — dedi u.

So‘nggi paytlarda, Qozog‘iston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, jamiyatda “uzoq o‘tmish, mashhur tarixiy shaxslar"ning turli voqealari muhokamasi avj olgan.

“Biz tariximizga halol va xolisona nazar tashlashimiz va uni qanday bo‘lsa shunday qabul qilishimiz kerak. Tariximiz millatni birlashtiruvchi omilga aylanishi kerak. Tan olishimiz kerakki, biz ba’zida tarixni haddan tashqari hissiyot bilan qabul qilamiz. O‘tmish haqida ko‘p o‘ylash bizga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi. O‘tmishni hech kim o‘zgartira olmaydi… Bizga samarasiz suhbatlar va cheksiz tortishuvlar emas, birdamlik va hamjihatlik kerak”, — deya ta’kidladi Toqayev.

Tarixiy obyektlar haqida

Toqayev Qozog‘iston hukumatiga Mang‘istov viloyatidagi Ustyurt platosi va yer osti masjidlarini YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish, shuningdek, mamlakat tarixiy obidalarini muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha ishlarni boshlashni topshirdi.

“Boy tarixiy va madaniy merosimizni asrab-avaylash uchun arxeologik faoliyatda tartibni tiklash zarur. Professional arxeologlarning keskin tanqisligi va qazish ishlarini litsenziyalashdagi tizimli bo‘shliqlar Qozog‘istonda turli tadbirkorlarning arxeologiyadan ustun bo‘lishiga olib keldi. Katta miqdordagi pul evaziga ular qurilish kompaniyalariga u yoki bu yerning go‘yoki tarixiy va arxeologik ahamiyatga ega emasligi haqida soxta ilmiy xulosalar berishadi”, — dedi Qozog‘iston rahbari.

U Qozog‘istondagi “qora arxeologlar” muammosiga ham to‘xtalib o‘tdi. “Oxirgi yigirma yil ichida mamlakatimizning ko‘plab muhim arxeologik yodgorliklari tom ma’noda talon-toroj qilindi. Shu darajaga yetdiki, Qozog‘iston hududidan aniqlangan qimmatbaho topilmalar shaxsiy qozoq va xorijiy kolleksiyalarda, shuningdek, dunyoning turli muzeylari eksponatlarida topiladi”, — dedi Toqayev.

Arxeologiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, noqonuniy arxeologik qazishmalar uchun javobgarlikni va tarixiy-madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohasidagi tartibga solishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Milliy kiyimlar haqida

Toqayev Qozog‘istonning ayrim kompaniyalari va ta’lim muassasalari tomonidan joriy etilayotgan milliy uslubdagi kiyim kiyish amaliyotini qo‘llab-quvvatladi.

“Ushbu to‘g‘ri tashabbusni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish kerak. Bu, ayniqsa, hozir juda muhim. Gap shundaki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qora libosga o‘ranganlar ko‘paydi. Bu haqda hamma biladi. Va ular begona emas, o‘zimizning yurtdoshlarimiz, — dedi Qozog‘iston prezidenti. — Qora libosga burkanish xalqimiz dunyoqarashiga zid va diniy aqidaparastlik tufayli yot me’yorlardan o‘ylamay nusxa ko‘chirishdir. Biz ma’naviy ildizlarimizdan uzilib, milliy o‘zligimizni yemirmasligimiz kerak”.

Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, qozoq jamiyatiga yot diniy g‘oyalarni, jumladan, kiyim-kechakning arxaik shakllari ko‘rinishida singdirish istagi “an'anaviy asoslar va qadriyatlarga ochiq da’vo hisoblanadi”.

Gerbni o‘zgartirish haqida

Toqayev o‘z nutqida davlat ramzlarini o‘zgartirish masalasini ko‘tardi. U Qozog‘iston bayrog‘ini “stilistik jihatdan benuqson” deb biladi, mamlakat madhiyasi esa, uning fikricha, qozoq xalqining “qadriyatlari va ruhini o‘ziga singdirgan”.

“Davlat gerbiga kelsak, Qozog‘iston gerbini tushunish juda qiyin, unda eklektizm [turli xil qarash, g‘oya va nazariyalarning eng yaxshi jihatlarini tanlab olishga intilish — tahr.] va Sovet davri belgilari borligi haqidagi mutaxassislar va befarq bo‘lmagan fuqarolar, jumladan, yoshlarning asosli dalillarini inobatga olish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman”, — deydi u.

Toqayev gerbni o‘zgartirishning “barcha jihatlarini” ko‘rib chiqadigan va jamoatchilik muhokamasini o‘tkazuvchi maxsus komissiya tuzishni taklif qildi. Keyin, uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston yangi gerbining eng yaxshi eskizi uchun ochiq tanlov e’lon qilish kerak.

Jamiyatdagi shafqatsizlik haqida

Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlik, bulling va tajovuzning kuchayishi ko‘rinishida xavotirli tendensiya kuzatilmoqda, dedi Toqayev.

“Ochig‘ini aytsam, jamiyatimizda zo‘ravonlik ko‘p bo‘lgan. Insonni haqorat qilishga, kamsitishga, kaltaklashga tayyor bo‘lganlar ko‘p, tez yordam mashinasi va jamoat transporti haydovchilariga qilingan hujumni hamma ko‘rgandir”, — dedi davlat rahbari.

Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, qozog‘istonliklar “bu ijtimoiy kasalliklar haqida ochiq gapirishlari” kerak. “Fuqarolarimiz uyda ham, jamoat joylarida ham o‘zlarini xavfsiz his qilishlari kerak. Mamlakatimizning hamma joyida qonun va tartib hukmron bo‘lsin. Eng muhimi, yuksak axloqiy madaniyatli avlodni tarbiyalashimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Toqayev vandalizmni qozoq jamiyatidagi yana bir salbiy holat deb atadi. “Afsuski, jamoat mulkidan tortib, ko‘p asrlik madaniy merosgacha bo‘lgan barcha narsaga keng miqyosda zarar yetkazish allaqachon odatiy holga aylangan… Turar-joy binolaridagi liftlarni, hovlilardagi bolalar maydonchalarini, ko‘chalardagi avtobus bekatlarini buzish nega kerak?! Bularning barchasi tarbiyasizlik va madaniyatsizlikdan dalolat beradi”, — dedi u.

An’anaviy qadriyatlar haqida

Qozog‘iston o‘zining dunyoviy maqomini har tomonlama mustahkamlashi kerak, lekin u G‘arb tendensiyalariga ergashmaydi, dedi Toqayev.

“Qozog‘iston davlatchiligimiz va ijtimoiy ma’naviyatimizga putur yetkazmaydigan barcha dinlar, qarashlar va ta’limotlarga hamisha bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘ladi. Ammo biz G‘arb va boshqa yo‘nalishlar ta’sirida madaniyatimizga yot bo‘lgan va dunyoning dualistik asosiga zid bo‘lgan qadriyatlarni targ‘ib qilayotganlarning yo‘l-yo‘rig‘iga ergashmaymiz va ergasha olmaymiz ham”, — dedi u.

Qozog‘iston rahbari mamlakatning bu boradagi pozitsiyasiga “siyosiy vaziyat ham, dunyoning yangi tendensiyalari ham ta’sir qilmasligini” ta’kidladi. “Biz an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qat’iy va izchil rivojlantirishimiz kerak”, — dedi u.

Toqayev, shuningdek, “islom qonunlari o‘ta buzuq, dogmatik shaklda qabul qilingan” oilalarda yuz berayotgan ayollarga nisbatan kamsitish va tazyiq holatlariga e’tibor qaratishga chaqirdi.

“Bunday oilalarda hayot fan va texnika yutuqlari amalda bo‘lgan XXI asr ruhiga zid bema’ni taqiq va buyruqlar asosida quriladi. Aftidan, odamlar ataylab o‘rta asrlardagi axloq va xulq-atvor modellariga o‘tib ketyapti”, — dedi prezident.

U Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlash amaliyotini “hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydigan ochiq-oydin ma’rifatsizlik” deb atadi va, prezidentning fikricha, bu “nafaqat ma’naviy qoralashni, balki huquqiy baho berishni ham talab qiladi”.