13-mart kuni Vazirlar Mahkamasining “Moyli urug‘larni qayta ishlovchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan o‘simlik va meva urug‘lari yog‘larini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish) bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi. Kungaboqar va paxta yog‘i hamda aralash yog‘lar bundan mustasno.

Shu bilan birga, 2022-yil 1-iyundan joriy etilgan kungaboqar va o‘simlik yog‘i, shuningdek, kungaboqar urug‘lari va boshqa yog‘li o‘simliklarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlar qisman olib tashlanadi.

Korxonalarga o‘zlari import qilgan o‘simlik yog‘lari hamda moyli ekinlar (paxta, kungaboqar va soya) urug‘larini qayta ishlashdan olingan o‘simlik yog‘larini belgilangan miqdorlarda eksport qilishga ruxsat beriladi. Xususan, yog‘ ishlab chiqaruvchilar kungaboqar, soya, paxta va boshqa o‘simlik yog‘larining 50 foizgacha, kungaboqar urug‘ining 35 foizgacha, paxta chigiti va soya urug‘ining 17 foizgacha qismini eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Buning uchun 2024-yil 1-yanvardan boshlab import qilinadigan o‘simlik yog‘larining importi hajmlari hisobga olinadi.

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasi va ichki bozordagi narxlar barqarorligidan kelib chiqqan holda, import qilingan o‘simlik yog‘ining 50 foizidan oshmagan miqdorda eksport qilishga ruxsat berishni bekor qilish huquqi berildi.