BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan tayyorlangan Inson taraqqiyoti indeksida (Human Development Index) O‘zbekiston dunyoning 193 mamlakati va hududi orasida 106-o‘rinni egalladi. Indeks 2022-yilgi ma’lumotlarni taqdim etadi. Mamlakat 2021-yilga nisbatan bir pog‘onaga tushgan.

Mamlakatlar inson taraqqiyotining uchta asosiy ko‘rsatkichi bo‘yicha baholandi — umr ko‘rish davomiyligi, kutilayotgan va amaldagi ta’lim davomiyligi hamda aholi jon boshiga sotib olish qobiliyati pariteti bo‘yicha yalpi milliy daromad ko‘rsatkichi.

O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 71,7 yil bo‘lgan o‘zbekistonliklar 12 yil o‘qiydi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad esa 8056 dollarni tashkil qiladi.

O‘zbekistonning Inson taraqqiyoti indeksi 2022-yilda 0,727 ni (maksimal ko‘rsatkich — 1,000) tashkil etdi. Mamlakat insonparvarlik indeksi yuqori bo‘lgan davlatlar toifasiga kirdi. Reytingda O‘zbekiston Misr va Vetnam o‘rtasida joylashgan.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston indeksda 67, Turkmaniston 94, Qirg‘iziston 117 va Tojikiston 126-o‘rinni egalladi.

Indeks yetakchisi 0,967 ko‘rsatkich bilan Shveysariya bo‘ldi. Undan keyin Norvegiya va Islandiya joylashdi. Kuchli beshlikka Gonkong va Daniya ham kirdi.

Tengsizlik va “demokratiya paradoksi”

BMTTDning inson taraqqiyoti bo‘yicha yangi hisoboti “Berk ko‘chadan chiqish: qutblangan dunyoda hamkorlikni qayta ko‘rib chiqish” deb nomlanadi. Mutaxassis prognozlariga ko‘ra, 2020 va 2021-yillardagi keskin pasayishdan so‘ng, inson taraqqiyoti indeksi 2023-yilda rekord darajaga yetadi.

“Biroq bu taraqqiyot chuqur tengsizligi bilan ajralib turadi. Boy davlatlar insoniyat taraqqiyotining rekord darajasini boshdan kechirmoqda, shu vaqtda kambag‘al mamlakatlarning yarmi inqirozdan [koronavirus pandemiyasidan] oldingi darajasidan pastligicha qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

BMTTD rahbari Axim Shtayner boy va kambag‘al davlatlar o‘rtasidagi tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha barqaror tendensiya teskari yo‘nalishga burilganini ta’kidladi. “Dunyodagi jamiyatlar bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bo‘lsa-da, biz tengsizlikka qarshi kurasha olmayapmiz. O‘zaro bog‘liqligimiz berayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz kerak”, — dedi u.

Hisobotda aytilishicha, xalqaro jamoaviy harakatlar muvaffaqiyatiga hozirgi “demokratiya paradoksi” to‘sqinlik qilmoqda. Hisobot shuni ko‘rsatdiki, dunyo bo‘ylab har 10 kishidan 9 nafari demokratiyani ma’qullaydi, biroq global so‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi uni zararlashi mumkin bo‘lgan rahbarlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Butun dunyo bo‘ylab so‘rovda qatnashganlarning yarmi o‘z hayotlarini nazorat qila olmasligini aytmoqda, uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i esa hukumat qarorlari ustidan hech qanday ta’sir kuchiga ega emasman, deb hisoblaydi.

Mutaxassislarning fikricha, siyosiy qutblanish global oqibatlarga olib keladigan yana bir kuchayib borayotgan muammodir. Hisobot mualliflariga ko‘ra, u faqat ichki manfaatlarga yo‘naltirilgan siyosiy yondashuvlarni kuchaytiradi, bu esa iqtisodiy dekarbonizatsiya, raqamli suiiste’mol va mojaro kabi muammolarni hal qilishda global hamkorlik qilishga tubdan zid hisoblanadi.

Hisobotda, shuningdek, populistik hukumatga ega bo‘lgan mamlakatlarda YAIM o‘sish sur’atlari pastroq ekanini ko‘rsatadigan tadqiqotlardan iqtibos keltiriladi. Populistik hukumat hokimiyatga kelganidan 15 yil o‘tib, aholi jon boshiga YAIM nopopulistik ssenariyga qaraganda 10 foizga past bo‘ladi.