O‘zbekistonda eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalar Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimga (GATT) hamda Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimga (ASCM) muvofiqlashtiriladi. Bu 13-mart kuni imzolangan prezident qarorida nazarda tutilgan, deya xabar bermoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali.

Ma’lumot o‘rnida, Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitim (GATT) 1947-yilda Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiyotni tiklash uchun tuzilgan xalqaro shartnoma bo‘lib, u deyarli 50 yil davomida de-fakto xalqaro tashkilot (hozirgi Jahon savdo tashkiloti) sifatida xizmat qilgan.

GATT`ning asosiy maqsadi xalqaro savdodagi to‘siqlarni kamaytirish hisoblanadi. Bunga turli qo‘shimcha kelishuvlar orqali boj to‘siqlari, miqdoriy cheklovlar (import kvotalari) va savdo subsidiyalarini kamaytirish hisobiga erishilgan. Lekin GATT tashkilot emas, balki kelishuv hisoblanadi. GATT funksiyalari 1990-yillarning boshlarida bitim bo‘yicha muzokaralarning so‘nggi bosqichida tashkil etilgan Jahon savdo tashkilotiga o‘tkazilgan. Bitim hali ham JST doirasida amal qiladi.

Qarorga ko‘ra, Eksportni rag‘batlantirish agentligi hamda Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tashkil etildi va uning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga berildi.

Endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘maklashish (eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish bundan mustasno) uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida yuridik shaxs tashkil etmasdan ochiladigan Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish huquqi ham “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi”ga berildi.

“O‘zbekekspertiza” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi va ayrim davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazgan holda davlat ulushini boshqarish funksiyasini ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga berildi.

Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga investorlarni jalb qilish, ularning ishtirokchilariga ko‘maklashish Savdo-sanoat palatasining vazifalaridan biri sifatida belgilandi.

2024-yil 1-iyuldan boshlab Kompaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi asosida taqdim etiladi. Savdo-sanoat palatasi Eksportni rag‘batlantirish agentligi huzuridagi To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining boshqaruvini vaqtinchalik amalga oshiradi.

Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislari tashkil etiladi.