Qashqadaryo daryosidan qum-shag‘alni noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olganlar aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar qildi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, prokuratura organlari, vazirlikning “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi hamda Qashqadaryo viloyati ekologiya boshqarmasi tomonidan Qarshi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosida reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Reyd davomida daryo qirg‘og‘idagi muhofaza mintaqasida fuqaro F.K. noqonuniy tarzda tabiiy qum mahsulotlarini o‘z ehtiyojlari uchun ma’lum bir haq evaziga qazib olib ketayotganligi aniqlandi. U buning uchun 1 dona “DOOSAN SOLAR 300LC-V” rusumli ekskavator va “KamAZ” rusumli yuk tashuvchi transport vositasidan foydalangan.

Holat oqibatida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi hamda “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi talablari buzilgan. Tabiatga esa 19 milliard 433 million 914 ming 337 so‘m zarar yetkazilgan.

Ma’lumot uchun, fuqaro F.K. qum-shag‘al mahsulotlarini noqonuniy tarzda qazigani uchun avval ham bir necha marta javobgarlikka tortilgan. Ammo bundan tegishli xulosa chiqarmagan.

Shuningdek, mazkur hududda fuqaro R. Q. tomonidan 1 dona ekskavator, “CHAKMAN” va “KamAZ” rusumli yuk mashinasi yordamida tabiiy qum mahsuloti noqonuniy tarzda qazib olinayotganligi aniqlandi. Holat natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 22 milliard 155 million 780 ming so‘mни tashkil qildi.

Qonun buzilishi yuzasidan Mamuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasi “v” bandiga (Transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibi orqali tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish) asosan texnika vositalari jarima maydoniga joylashtirildi. Shuningdek, holatga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni ta’minlash maqsadida tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.