Daniya birinchi marta ayollar uchun harbiy xizmatni joriy qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mette Frederiksen ma’lum qildi, deya xabar berdi AP. Hozirda mamlakatda ayollar uchun xizmat ixtiyoriy hisoblanadi.

Bundan tashqari, Daniya hukumati har ikki jins vakillari uchun ham majburiy harbiy xizmat muddatini to‘rt oydan 11 oygacha uzaytirmoqchi.

Ayni paytda Daniya armiyasida asosiy tayyorgarlikdan o‘tayotgan 4700 chaqiriluvchidan tashqari 9000 nafargacha professional askar bor. Hukumat tomonidan muhokama qilinayotgan chora-tadbirlar muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar sonini 5000 nafarga yetkazish uchun zarur.

“Qayta qurollantirayotganimizga sabab urush xohlayotganimiz emas. Aksincha, urushdan qochishni xohlayotganimiz uchun qayta qurollantiryapmiz”, — dedi Frederiksen. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, shu yo‘l bilan hukumat “jinslar o‘rtasida to‘liq tenglikka” erishmoqchi.

Harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar 2025-yilda qabul qilinishi, 2026-yilda esa kuchga kirishi kutilmoqda. Daniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, chaqiriluvchilar qo‘shimcha tayyorgarlik bilan birga besh oylik boshlang‘ich tayyorgarlik va olti oylik operativ xizmatdan o‘tadi.

Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat “borgan sari jiddiylashmoqda va biz kelajakdagi mudofaa haqida o‘ylaganimizda buni hisobga olishimiz kerak”, dedi Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen. “Muddatli harbiy xizmatga chaqirish uchun barcha jinslarni o‘z ichiga oluvchi kengroq asos bo‘lishi kerak”, — dedi u va bu “yanada universal va kengroq himoya” yaratishini qo‘shimcha qildi.

  • Daniya Yevropada ayollarni harbiy xizmatga chaqirishni joriy qilgan uchinchi davlatga aylanadi. Norvegiya va Shvetsiya buni mos ravishda 2015 va 2017-yillarda amalga oshirgan.