Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotida aytilishicha, dunyo bo‘ylab besh yoshgacha vafot etayotgan bolalar soni 2022-yilda 4,9 millionni tashkil etib, tarixiy minimal darajaga tushgan. Tashkilotning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu har olti soniyada bitta o‘limga teng.

Hisobotda ta’kidlanishicha, bugungi kunda har qachongidan ham ko‘proq bolalar omon qolmoqda. 2000-yildan beri dunyoda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 51 foizga kamaygan.

4,9 million o‘limning deyarli yarmi bola tug‘ilgandan keyingi birinchi oyda sodir bo‘lgan, yana 2,6 million bola bir oydan besh yoshgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida vafot etgan. Ushbu o‘limlarning aksariyati Janubiy Osiyo va Afrikaning Sahroi Kabirdan janubiy qismida sodir bo‘lgan.

Bolalardagi bevaqt o‘limning aksariyati erta tug‘ilish, tug‘ruq vaqtidagi asoratlar, pnevmoniya, diareya va bezgak kabi oldini olish yoki davolash mumkin bo‘lgan sabablar tufayli sodir bo‘lgan, deyiladi hisobotda.

“Bolalarning yashash joyi, ijtimoiy-iqtisodiy guruhi hamda beqaror va mojarolar ta’sir ko‘rsatadigan muhitda yashashiga ko‘ra, omon qolish uchun noteng imkoniyatlar mavjud”, — deydi ekspertlar.

Shu bilan birga, BMTning ta’kidlashicha, daromadi past va o‘rta darajadan past bo‘lgan bir qancha davlatlar birlamchi tibbiy yordamga yetarli mablag‘ ajratilsa, o‘sishga erishish mumkinligini ko‘rsatgan. Xususan, Kambodja, Malavi, Mongoliya va Ruandada 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 2000-yildan beri 75 foizdan ko‘proqqa kamaygan.

“Erishilgan o‘sishga qaramay, millionlab oilalar hali ham har yili, ko‘pincha tug‘ilganidan keyingi birinchi kunlardayoq bolasini ayanchli tarzda yo‘qotishdan aziyat chekmoqda, — dedi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus. — Bolalarning qayerda tug‘ilishi ularning yashashi yoki yashamasligini aniqlamasligi kerak. Har bir ayol va bolaning, jumladan, favqulodda vaziyatlarda va chekka hududlarda sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash muhim ahamiyatga ega”.

BMTning qayd etishicha, agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, 59 davlat besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini qisqartirish bo‘yicha ko‘zlangan maqsadga erisha olmaydi, 64 davlat esa yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limini qisqartirish bo‘yicha maqsadni qo‘ldan boy beradi. Bu 2030-yilga borib 35 million bola besh yoshga to‘lmasdan vafot etishini anglatadi, deydi ekspertlar. Ushbu o‘limlar asosan Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika, Janubiy Osiyo hamda boshqa past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yuz beradi.