Hindiston Ichki ishlar vazirligi fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga avvalroq huquq himoyachilari tomonidan musulmon aholini kamsitish sifatida tanqid qilingan tuzatishlar kuchga kirganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Tuzatishlar diniy ozchiliklarga mansub qochqinlar uchun fuqarolikni tez sur’atda olishni nazarda tutadi, lekin musulmon jamiyati a’zolari bundan mustasno. Xususan, qonun Afg‘oniston, Bangladesh va Pokistondan qochib, 2014-yilgacha Hindistonda qo‘nim topgan hindular, buddistlar, nasroniylar, zardushtlar va sinxlarga nisbatan qo‘llanadi.

Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar dastlab 2019-yilda qabul qilingan edi, biroq butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanganidan keyin uning kuchga kirishi kechiktirilgandi. Oqibatda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohat olgan.

Inson huquqlari tashkilotlari fikricha, o‘zgarishlar Hindistondagi 200 million musulmonni kamsitishi va keng ko‘lamli immigratsiyaga olib kelishi mumkin. Yangi qonun BMT tomonidan ham tanqid qilindi va u “tenglik — hamma uchun” tamoyiliga zid ekani ta’kidlandi.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligi, o‘z navbatida, qonun “yillar davomida quvg‘indan aziyat chekkan va dunyoda Hindistondan boshqa boshpanasi yo‘qlarga” mo‘ljallanganini va uning ijrosi go‘yoki COVID-19 pandemiyasi tufayli kechiktirilganini ta’kidladi.

11-mart kuni kechqurun, tuzatishlar kuchga kirganidan keyin Hindistonning Assam va Tamilnad shtatlarida norozilik namoyishlari boshlandi. Politsiya bilan to‘qnashuvlar va vayronagarchilik haqida xabarlar yo‘q, deya qayd etdi Reuters.

  • Hindiston rasmiylarining qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi bo‘yicha rejalari parlament saylovlariga uch hafta qolganida e’lon qilindi, natijada Hindistonning amaldagi bosh vaziri Narendra Modi uchinchi muddatga o‘z lavozimida qolishi mumkin. U hind millatchi Bharatiya Janata Party (BJP) partiyasini boshqaradi.