Internetda Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga tegishli samolyot qanoti kulrang yopishqoq lenta bilan qoplangani aks etgan video tarqaldi.

Aviakompaniya izohida ta’kidlanishicha, Boeing 787 Dreamliner samolyotining kompozit qismlarida bo‘yoqlarning tozalanishi muammosi bir necha yillardan beri kuzatilmoqda.

“Ushbu muammo Boeing 787 Dreamliner — yangi avlod havo kemasi aviatsiya uchun nisbatan yangi materiallardan — taxminan 80 foiz kompozitlardan yaratilgani bilan bog‘liq. Ultrabinafsha nurlanishni, shuningdek, parvoz paytida havo kemasining egiluvchanligini hisobga olgan holda, qo‘llanadigan bo‘yoq qatlamlari bardosh bera olmaydi va katta bo‘laklar bilan ko‘chib ketadi”, — deyiladi xabarda.

“Ishlab chiqaruvchi kompaniyaning tahliliga ko‘ra, bunday bo‘yoq ko‘chishi kosmetik nuqson bo‘lib, parvozning yaroqliligi va havo kemasi parvozlarining xavfsizligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”, — deb ishontiradi kompaniya.

Uzbekistan Airways ham Boeing 787 kabi samolyotlar bilan xuddi shunday muammoga duch kelmoqda, bunda Boeing tavsiyasiga ko‘ra, vaqtinchalik yechim maxsus yopishtiriladigan lentadan (speed tape) foydalanish hisoblanadi, deya xabar beradi kompaniya.

Hozirda samolyot ishlab chiqaruvchisi ustki qatlamni bo‘yoq bilan qoplashning maxsus amaliyotini ishlab chiqmoqda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu yaqin oylarda yakunlanadi. Boeing bilan olib borilgan muzokaralar natijalariga ko‘ra, konsern samolyot sirtini bo‘yash va ularni ishlab chiqaruvchi bazasiga yetkazish bo‘yicha barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyor, deyiladi xabarda.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Uzbekistan Airways yaqin kelajakda uchta Boeing 787 Dreamliner samolyotini bosqichma-bosqich qayta bo‘yashni rejalashtirgan… Ta’kidlash kerakki, bu muammo aviakompaniyaning Boeing 787 Dreamliner samolyotida parvozlar xavfsizligi va qulayligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”, — deyiladi izohda.

Uzbekistan Airways`ning ta’kidlashicha, “orzular layneri"ning deyarli barcha foydalanuvchilari: All Nippon Airways, Japan Airlines, United Airlines, American Airlines, Air New Zealand va boshqalar, iqlim sharoitidan qat’i nazar, xuddi shunday muammoga duch kelgan.

“Barcha aviatashuvchilar ultrabinafsha nurlar ta’sirida ushbu turdagi havo kemalaridagi bo‘yoq qoplamasini ko‘chishi haqida muntazam ravishda xabar berishadi… Boeing konserni ko‘chib ketgan bo‘yoqni tiklash uchun ultrabinafsha nurlanishini to‘suvchi qo‘shimcha ustki qatlamni qo‘shishni rejalashtirmoqda. Speed tape lentasi bo‘yoqni keyingi bo‘yoq ko‘chishidan himoya qilish uchun mo‘ljallangan”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Shu bilan birga, Boeing kompozit yuzalarida bo‘yoq qoplamasi muammolariga duch kelayotgan yagona aviatsiya ishlab chiqaruvchisi emas, deya qo‘shimcha qildi Uzbekistan Airways.