Yevropa parlamenti (YeP) 13-mart kuni sun’iy intellektdan (SI) foydalanishni tartibga soluvchi qonunni ma’qulladi. Hujjatni 523 kishi ma’qulladi, 46 nafari qarshi ovoz bergan bo‘lsa, 49 nafari betaraf qoldi, deb xabar bermoqda YeP matbuot xizmati. Bu shunday miqyosdagi dunyodagi birinchi qonun hisoblanadi, deb ta’kidlaydi BBC.

Tashabbusning maqsadi — “asosiy huquqlar, demokratiya, qonun ustuvorligi va ekologik barqarorlikni yuqori xavfli sun’iy intellektdan himoya qilish, shuningdek, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va Yevropani bu sohada yetakchi qilishdir”, deyiladi YeP xabarida.

Yangi qoidalar fuqarolarning huquqlariga tahdid soladigan ba’zi SI ilovalarini taqiqlaydi. Xususan, taqiq ma’lumotlar bazalarini yaratish uchun internetdagi yuz tasvirlari va videokuzatuv kameralari tasvirlaridan foydalanadigan biometrik identifikatsiya tizimlarini o‘z ichiga oladi.

Ishxona va maktablardagi his-tuyg‘uni aniqlash tizimlari, “ijtimoiy reyting” tizimlari va inson xatti-harakatlarini boshqaradigan yoki odamlarning zaif joylaridan foydalanadigan SI ham taqiqlanadi.

Huquqni muhofaza qilish organlariga, agar yo‘qolganlarni topish yoki terrorchilik hujumlarining oldini olish uchun sun’iy intellekt texnologiyasi zarur bo‘lmasa, biometrik identifikatsiya tizimlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Umumiy maqsadli SI tizimlari shaffoflik talablariga javob berishi va Yevropa Ittifoqining mualliflik huquqi qonunlariga mos kelishi kerak. Bundan tashqari, bunday tizimlar tomonidan yaratilgan sun’iy yoki manipulyatsiya qilingan tasvirlar, audio yoki video kontent aniq belgilanishi kerak.

Endi bu akt Yevropa Kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Qonun may oyining oxirida kuchga kirishi kutilmoqda, ikki yildan so‘ng esa to‘liq qo‘llana boshlaydi.