“Navoiyuran” kompaniyasi qora slanetsli uran konlarini o‘zlashtirish uchun China Nuclear Uranium (CNUC) kompaniyasi texnologiyalarini jalb qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

CNUC delegatsiyasi “Navoiyuran” resurs bazasi tarkibiga kiruvchi bir qancha uran konlarini o‘zlashtirish jarayoni bilan tanishdi. Xitoylik mutaxassislar bilan uchrashuvda qora slanetsli uran konlarini o‘zlashtirish texnologiyalari va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, deyiladi xabarda. Qazib olingan uran rudasidan uran va noyob tuproq metallarini olish uchun ushbu konlardan texnologik namunalar olindi.

O‘zbekiston 2000-yillarning boshidan buyon rudadan boshqa metallarni qazib olish zarurati tufayli katta miqdorda investitsiyalar talab qiladigan qora slanets tipidagi uran konlarini o‘zlashtirish uchun xorijiy investorlarni jalb qilishga harakat qilmoqda. “Navoiyuran” resurslarining muhim qismini o‘zlashtirishga qulayroq bo‘lgan qumtosh tipidagi uran konlari tashkil etadi.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil iyul oyida uran qazib olish ko‘rsatkichlarini tasdiqlagan edi, unda uranni 2030-yilda 7100 tonnaga (2022-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p) oshirish rejalashtirilgan. MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda yettinchi, qazib olish bo‘yicha esa beshinchi o‘rinda turadi.