Xorazm viloyati Gurlan tumanida yashovchi L.K. farzandi boshlang‘ich sinfda tahsil olayotgan 34-maktabda ta’lim sifati pastligi yuzasidan bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga murojaat qildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmatining xabar berishicha, murojaatda ayol maktab direktori Q.Q.ga o‘qituvchilar A.Z. va D.A.larni bilim darajasi yetarli emasligi sababli almashtirishni so‘rab murojaat qilgani aytiladi.

Direktor shikoyatga e’tibor qilmagan. Maktab faoliyatining qoniqarsizligi yuzasidan boshqa organlarga qilingan murojaatlar ham natija bermagan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga bolalar huquqlari bo‘yicha vakilning murojaati yo‘llangan. Shunga ko‘ra, viloyat ta’lim boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan vaziyat o‘rganilib, bola D.D. tahsil olayotgan sinfda ta’lim sifati talab darajasida emasligi tasdiqlangan.

Ikki nafar o‘qituvchiga hayfsan berildi, direktor esa ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilar faoliyatini nazorat qilish zarurligi haqida ogohlantirildi, deyiladi xabarda.