Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi O‘zbekistonda taqiqlangan, biroq internet orqali onlayn sotilayotgan ozdiruvchi mahsulotlarning ro‘yxatini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, quyidagi mahsulotlarni O‘zbekiston hududida realizatsiya qilish va saqlash taqiqlanadi:

  • Reborn Ultimate
  • Lipotrim Ultra
  • “Seksualnaya figura”
  • Al-Sheikh
  • Fatzorb
  • Fatzorb Ultra
  • Fatzorb Plus
  • Spirulina
  • Arabic
  • Reduksin Layt
  • Kod S
  • Shafran diet
  • Gold Puma
  • “Blokator jira”
  • Hot pepper
  • “Fermentaiz”
  • "Lipoksin dlya poxudeniya"
  • “Kuaymыy Extra”
  • Slim ultra (Samyun Wan)

O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu mahsulotlarning tarkibida sibutramin moddasi mavjudligi aniqlangan.

Mazkur modda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Tarkibida sibutramin moddasi mavjud bo‘lgan yuqoridagi 19 turdagi mahsulot dori vositasi sifatida O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.

Ma’lumot uchun, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni ishlab chiqarish, olish, saqlash, hisobga olish, berish, tashish yoxud jo‘natish qoidalarini buzish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Bu bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishga sabab bo‘lishi mumkin.