11-mart kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi qurilishda ishlayotgan ishchi xodimning boshiga qolip (opalubka) tushib ketgan, oqibatda u vafot etgan. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz"ga Bosh prokuratura matbuot xizmati tasdiqladi.

Xabarda aytilishicha, holat “Yangi Darxon” mahallasida, King House MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan. 2001-yilda tug‘ilgan B.Sh. boshiga 14-qavatdan qolip tushib ketib, vafot etgan.

Dastlabki sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, o‘limga hayot bilan nomutonasib jarohat, bosh miya ochiq jarohati, kalla gumbazi asosiy suyaklarining yuz suyaklariga o‘tuvchi sinishlari, boya miya lat yeb majag‘lanishi, umurtqa pog‘onasi va orqa miya yopiq jarohati, oltinchi va yettinchi ko‘krak umurtqalari sinishlari, orqa miya lat yeyishi, ko‘krak qafasi yopiq to‘mtoq jarohati, to‘sh suyagi, o‘pkalar lat yeb yorilishlari, bosh sohasi ezilib yirtilgan yarasi, tashqi va ichki qon yo‘qotish, ichki a’zolar kam qonligi sabab bo‘lgan.

Toshkent shahri prokuraturasi hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.