Toshkentda O‘zbekiston xalq rassomi, Badiiy akademiya raisi Akmal Nurning “Ichimdagi ichimdadir” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi davom etmoqda. Ekspozitsiya rassomning Yashnobod tumanidagi shaxsiy galereyasida tashkil etilgan.

akmal nur, badiiy akademiya, ko‘rgazma

Ko‘rgazmaning 27-fevral kuni bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida ko‘plab taniqli shaxslar, xususan, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aurelia Bushez, sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, xalq artistlari Farrux Zokirov va Jenisbek Piyazov hamda boshqalar qatnashdi.

Ko‘rgazmada musavvirning so‘nggi besh yil davomida chizgan 70 ta asari namoyishga qo‘yilgan. “Ko‘rgazmadagi mazkur asarlar besh yillik ijod mahsulimning bir qismini tashkil etadi. Ularni asosan 2022−2023-yillarda chizganman. Qolgan ko‘plab asarlarim chet el davlatlarida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda namoyish etilmoqda”, — dedi u.

akmal nur, badiiy akademiya, ko‘rgazma

Ko‘rgazma nomi haqida to‘xtalarkan, rassom shunday dedi: “Mening ham ichimda yana bir Akmal Nur bor. Ikki Akmal Nur ko‘pincha bir-biri bilan kelisha olmaydi: o‘zaro tortishadi, muloqot qiladi, bitta savolga turli javob beradi, ikkilanishlar paydo bo‘ladi. Ba’zan o‘zimni qiynashni boshlayman. Chunki atrofimda bo‘layotgan holatlar bilan hamma vaqt ham kelisholmayman. Natijada ichki tug‘yonlar va kurashlar boshlanadi. Shu sababli ham ko‘rgazma nomini „Ichimdagi ichimdadir“ deb nomladim”.

Akmal Nur mazkur ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlari tomoshabin dunyoqarashi, fikrlari, didini “ozgina bo‘lsa ham ijobiy tomonga o‘zgartirishga turtki berishi"dan umidvor.

“Ijodimdagi asosiy mavzu o‘sha-o‘sha: ishq va muhabbat. Qolaversa, so‘nggi paytlarda ichki tug‘yonlar, atrof-muhitga nisbatan bo‘layotgan munosabatlar ham ijodimga ta’sir qilyapti. Menimcha, har bir inson o‘zi bilan o‘zi kurashsa kerak. Menda ham ana shu kurash bor va bu davom etyapti. Bu kurash ba’zida yaxshi natijalar beradi, gohida nojo‘ya tomonlari ham bo‘larkan. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlarimning barchasida mendagi ichki holatlar: xursandchiliklar ham, ranjishlar ham o‘z aksini topgan”, — dedi Akmal Nur.

“Men ko‘proq insonning ko‘ngil ekologiyasi bilan shug‘ullanaman va asarlarimda ham shuni tasvirlashga harakat qilaman. Agar ko‘ngil ekologiyasi toza bo‘lsa, atrof-muhit ham shunga yarasha bo‘ladi. Biz, avvalo, o‘zimizni tarbiyalashimiz kerak. Tabiatga ham shu tarbiyadan kelib chiqib munosabat ko‘rsatamiz. Afsuski, oxirgi paytlarda tarbiyamiz ko‘proq salbiy tomonga qarab ketdi. Tarbiyamiz sabab atrof-muhitimiz ham shunga yarasha bo‘lib qoldi, shunday katta-katta muammolar kelib chiqyapti. Biz o‘zimizni ham, nafsimizni ham tiyib olishimiz kerak”, — dedi O‘zbekiston xalq rassomi.

Akmal Nurning “Ichimdagi ichimdadir” asariAkmal Nurning “Ichimdagi ichimdadir” asari

12 yildan buyon O‘zbekiston badiiy akademiyasini boshqarib kelayotgan Akmal Nur rahbarlik va uning o‘ziga xos qiyinchiliklari shaxsiy ijodiga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotganiga oid savolga shunday javob berdi: “Vaqt masalasi menda ham muammo bo‘ladi. Chunki rahbarlikning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor, ko‘pchilik uchun javobgar hisoblanasiz. Men bu javobgarlikni har doim his qilib yashayman. Shu bilan birga har qanday lavozim vaqtinchalik narsa ekanini ham hech qachon unutmayman. Men baribir ijodkorman. Har kuni — kechasi kamroq uxlasam ham — nimadir qilaman, ijodimni to‘xtatganim yo‘q”, — dedi u.

Har besh yilda bir ko‘rgazma tashkil etish Akmal Nurga xos. U nega aynan shunday yo‘l tutishini ham tushuntirdi.

“Nafaqat rassomman, balki rahbarlik mas’uliyati ham bor. Shuning uchun ijod qilishga va ijod mahsulini ko‘rsatishga hamma vaqt ham sharoit bo‘lavermaydi. Agar tez-tez ko‘rgazma tashkil qilaversangiz, tomoshabinning joniga tegishingiz mumkin. Men esa asarlarimni muxlislarni sog‘intirib ko‘rsatishni xohlayman. Ammo, shunga qaramay, so‘nggi besh yilda Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlarda shaxsiy va jamoaviy ko‘rgazmalarni o‘tkazdik”, — dedi u.

akmal nur, badiiy akademiya, ko‘rgazma

Rassomning ta’kidlashicha, odamlar har narsani moddiyat bilan o‘lchashni odatga aylantirayotgan bugungi kunda tasviriy san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish juda ham zarur.

“Hozir tez rivojlanayotgan zamonda yashayapmiz. Mana shu davrda odamlar ichki his-tuyg‘ularini unutib qo‘yib, pragmatik bir quruq munosabatga ega shaxsga aylanib qolyapti. Hamma narsaga hisob-kitob bilan yondashadigan, har bir narsaga moddiyat bilan qaraydigan, o‘z foydamizni o‘ylaydigan bo‘lib qoldik. Ko‘rgazmalarga kelgan odam salbiy qadamlarni tashlashdan to‘xtaydi, deb o‘ylayman. Bu dunyoda nafaqat moddiyat, balki ruhiyat ham borligini bildirish, asarlarimni ko‘rib, o‘ziga o‘zi savol berishi va javob olishi, ruhiy dunyosida ko‘milib yotgan his-tuyg‘ularini ozgina bo‘lsa ham uyg‘otish — asosiy maqsadim. Ana shunga erishish uchun qilingan ishlarimning barchasi ko‘ngil, ishq, muhabbat va ichki tug‘yon, anduh bilan bog‘liq”, — dedi Akmal Nur.

Ma’lumot uchun, Akmal Nur 1987-yildan buyon O‘zbekistondagi va xalqaro ko‘rgazmalarda o‘z asarlari bilan ishtirok etib keladi. Uning ijodiy ishlari O‘zbekiston, Shveysariya, Niderlandiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Avstraliya, AQSh, Isroil, Kanada, Marokash, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston muzeylari va xususiy kolleksiyalarda saqlanadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi (1997) va raisi hisoblangan Akmal Nur 2003-yilda O‘zbekiston xalq rassomi, 2019-yilda esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, u 2023-yilda “Shanxay hamkorlik tashkilotining ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni hamda 2024-yili Yaponiya imperatorining “Chiqayotgan quyosh katta kordon” ordeni bilan ham mukofotlangan.