Senat raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida bir yil muddatda — 2025-yil 8-martga qadar xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan marosimdagi nutqida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, komissiya har bir hududda “favqulodda holat” rejimida ish olib boradi, “mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida” xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha ishlar tashkil etiladi.

Mazkur komissiyada Xalq banki raisining o‘rinbosari Gulzoda Rashidova xotin-qizlarning biznes g‘oyalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi, Biznesni rivojlantirish banki va Mikrokreditbankda ham ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish bo‘yicha alohida rais o‘rinbosarlari ish boshlaydi. Ana shu rahbarlar har bir viloyat, har bir tuman, har bir mahallada yangi biznes g‘oyalariga ega xotin-qizlarni aniqlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, loyihalarini sifatli ishlab chiqish va amalga oshirishga har tomonlama ko‘mak beradi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimlarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda faol ayollar komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 ming 442 ta mahalladagi 580 ming nafarga yaqin ishsiz ayollarning bandligini ta’minlash uchun mas’ul etib belgilanadi”, — dedi u.

Mahallalarda oilaviy tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi xotin-qizlar taklif etayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda ular uchun har bir hududda hunarmandchilik va tadbirkorlik markazlari, klasterlar tashkil etilib, ularda 205 ming nafar xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori kasblarga tayyorlanadi va tadbirkorlik asoslarini o‘rganadi.

“Yoshlar daftari”ga” kiritilgan 8 ming nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, asbob-uskunalar sotib olishi uchun subsidiyalar, 10 ming nafariga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

“50 ming nafar yosh ayollar uchun malakali mutaxassislar ishtirokida „Biznes marafon“ loyihasi tashkil etiladi. Ushbu loyiha doirasida yuzlab qobiliyatli qizlarimizga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy yordam beriladi”, — dedi prezident.

Bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, loyihalarni amalga oshirish uchun 15 trillion so‘m, jumladan, oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 6 trillion so‘m ajratiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadagi elchilari ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 100 million dollar miqdorida grantlar jalb etishni rejalashtirmoqda, dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, “Qizlar akademiyasi” platformasi yaratilib, 100 ming nafar xotin-qizga moliyaviy, huquqiy, psixologik, reproduktiv bilim berish yo‘lga qo‘yiladi.