O‘zbekiston Respublikasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya poytaxtiga tashrif buyurdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Oybek Shaxavdinov Budapeshtga tayinlanishidan oldin TIVning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

46 yoshli diplomat Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura), Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MDXMI) tarjimonlar tayyorlash kursini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida boshlagan, so‘ngra TIVning Yevropa davlatlari bilan hamkorlik boshqarmasida referentlikdan boshqarma boshlig‘i singari diplomatik xizmatning barcha bosqichlarini bosib o‘tgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasida ishlagan. Ingliz, rus va fransuz tillarini mukammal biladi.

Oybek Shaxavdinov O‘zbekistonning qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan Vengriyadagi birinchi elchisi sanaladi.

O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi 2023-yil mart oyida ochilgandi.