Ayollarning, xususan, qiz bolaning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi, deya ta’kidladi prezident Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda.

“Bugun dunyoda murakkab va og‘ir vaziyat, iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda. Tabiiyki, bu holat mamlakatimizga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda ijtimoiy sohalar uchun budjetdan mablag‘ ajratish albatta oson bo‘layotgani yo‘q. Lekin qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz qo‘shimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi”, — dedi u.

“Har yili aholimiz soni qariyb 900 ming nafarga ko‘paymoqda. Joriy o‘quv yilida 733 ming nafar farzandlarimiz birinchi sinfga qadam qo‘ydi. Ertaga hayotimizga qudratli to‘lqin bo‘lib kirib keladigan ana shunday navqiron avlodimiz timsolida biz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz”, — dedi prezident.

“Shu bois, o‘g‘il-qizlarimizni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni milliy g‘urur, vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazish barchamizning asosiy burchimizga aylanishi zarur”, — dedi u.

“Bugungi tahlikali zamonda jahon miqyosida kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik, hayotga yengil-yelpi, iste’molchilik kayfiyati bilan qarash kabi xatarlardan yoshlarimizni himoya qilish o‘ta dolzarb masalaga aylanmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mamlakatdagi barcha xotin-qizlarga murojaat qilib, farzandlar ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirishga chaqirdi.

“Aziz opa-singillar, oilada farzand tarbiyasiga e’tiborni kuchaytiraylik, bog‘cha, maktab va oliygohlarga kirib boraylik. O‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, farzand va nabiralarimizning o‘qishi, davomati masalasi, axloq-odobi bilan qiziqaylik. Bolalarimizni bilimli va aqlli, oqni qoradan ajrata oladigan, el-yurtimizga sodiq, hayoli va iboli, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik”, — dedi u.

“Biz ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “Ezgulik — shiorimiz, ma’rifat — qurolimiz” degan g‘oya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona o‘z farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Chindan ham, jondan aziz bolalarimiz hamma havas qiladigan ta’lim va tarbiya olsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz, hayotimiz qanday o‘zgaradi? Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu vazifani ado etishda biz avvalo siz, azizlarga ishonamiz va tayanamiz”, — dedi davlat rahbari.