Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Yig‘ilishda hududda na savdo, na yer-suv, na transport-tranzit imkoniyatlaridan to‘la foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Ba’zi ko‘rsatkichlar bunday qulayliklar bo‘lmagan ayrim chekka hududlardagidan ham pastligi qayd etildi.

Toshkent viloyatida 15 ta tuman va 7 ta shahar bor. Hudud qulay geografik makonda, voha va vodiy viloyatlarini poytaxt bilan bog‘laydigan muhim transport yo‘lagida joylashgan.

Biroq poytaxt “jadal rivojlanayotganida uning yonidagi viloyat hududlari bu sur’atdan ortda qolmoqda”. Masalan, Toshkent, Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq tumanlarida sanoat hajmi yondosh poytaxt tumanlariga nisbatan bir necha barobar kam. Qurilish sohasida ham shu ahvol, deyiladi xabarda.

“Bir qator kichik tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatgan. 29 ta yirik korxonada hamda Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ishlab chiqarish kamaygan. Viloyatda ekin yerlari ko‘p bo‘la turib, Andijon bilan deyarli bir xil hajmda mahsulot yetishtirilgan”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

“Hududlarning bor salohiyati daromadga aylanmayapti. Sababi “o‘sish nuqtalari”ni topish va ishga solish bo‘yicha hokimlarda tashabbus yetishmayapti. Ayrim hokimlar hatto o‘z hududida “pastga tushmagan”, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga harakat qilmagan”, — deyiladi xabarda.

Prezident viloyatdagi shahar va tumanlar mutasaddilari o‘z faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirdi.

тошкент viloyati

Yig‘ilishda davlat tomonidan ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani, lekin hamma tumanlarda ham rivojlanish bir xil emasligi qayd etildi. Xususan, Parkent, Yangiyo‘l, Chinoz va Oqqo‘rg‘on tumanlarida turizm, tranzit va iqtisodiy qulayliklar ko‘p bo‘lsa-da, taraqqiyotdan orqada.

Shu bois, prezident topshirig‘iga muvofiq, ulardagi haqiqiy holat, imkoniyatlar va tadbirkorlarning takliflari o‘rganildi.

Taklif etilgan “o‘sish nuqtalari”

Parkent tumanining xushmanzara joylariga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash, mikroavtobuslar qatnovini tashkil etish, yo‘l bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish uchun tadbirkorlarga yer ajratish taklif etilmoqda. Parkentsoy, Qizilsoy va Chovlisoyning muhofaza hududini aniq belgilash va qirg‘oqlarini mustahkamlash orqali bo‘shaydigan yerlardan samarali foydalanish ham mumkin.

Yangiyo‘l tumanida “loyiha qilaman, investitsiya olib kelaman”, degan tadbirkorlar juda ko‘p. Lekin loyihalar uchun yer topish muammo. Shu bois hozirda bo‘sh turgan inshootda oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlariga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Chinoz tumanida savdo-ko‘ngilochar majmua va zamonaviy baliq bozori barpo etish, yo‘l bo‘yida savdo va xizmatlarni kengaytirish, xonadonlarda issiqxonalarni ko‘paytirish kabi imkoniyatlar hisob-kitob qilingan.

Oqqo‘rg‘on tumanida sanoat rivojlanmagani sababli ko‘plab xotin-qizlar Toshkent shahri va boshqa tumanlarga qatnab, to‘qimachilik korxonalarida ishlamoqda. Shunday korxonalarni tumandagi bo‘sh binolar o‘rnida tashkil qilish rejalashtirilgan.

Ohangaron tumanida O‘zbekiston-Vengriya sanoat zonasi tashkil etilib, 100 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi. Angren erkin iqtisodiy zonasida maishiy texnika, metall prokat, meva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha 400 mln dollarlik, “Eltex industrial” texnoparkida 260 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Mutasaddilarga viloyatning barcha hududlarini shunday tahlil qilib, qo‘shimcha “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash, daromad manbalarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Boshqa takliflar

Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilib, iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Poytaxtdagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich shahardan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilgani, bu Toshkent viloyati uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.

O‘zini o‘zi band qilgan insonlarning kichik biznesga o‘tishi, faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning ishini yana tiklashiga ko‘maklashiladi. Tomorqalarda Chinoz tajribasi bo‘yicha ixcham issiqxonalar, kooperatsiya asosida mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi.

Shuningdek, 2024-yilda mahalliy va xorijiy turistlar sonini 5 millionga, turizmda eksportni kamida 300 mln dollarga yetkazish choralari bo‘yicha fikr almashildi.

Yig‘ilishda, shu bilan birga, xotin-qizlar va yoshlarni kasbga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi, deyiladi xabarda.