AQShning BMTdagi sobiq vakili, Respublikachilar partiyasidan nomzodlik uchun kurashda Donald Trampning yagona raqibi Nikki Heyli prezidentlik poygasidan chiqishini rasman e’lon qildi, deb xabar bermoqda CNN.

“Buyuk mamlakatimizning har qismidan bizni qo‘llab-quvvatlaganinglar uchun butunlay minnatdorman. Ammo endi kampaniyamni to‘xtatib turish vaqti keldi. Men amerikaliklarning ovozi eshitilishini xohlashimni aytgandim. Men buni amalga oshirdim va hech narsadan afsuslanmayman”, — dedi u Charlstondagi (Janubiy Karolina shtati) chiqishida.

Heyli, shuningdek, hozirda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod bo‘lib qolayotgan Trampni tabrikladi, lekin o‘z tarafdorlarini sobiq prezidentga ovoz berishga undamadi.

“Endi Donald Tramp nafaqat partiyamizdagi, balki partiyadan tashqaridagi uni qo‘llab-quvvatlamaganlarning ovozini ham olishi kerak bo‘ladi. Umid qilamanki, u buni eplaydi”, — dedi Heyli.

Heyli “super seshanba” — AQShning birato‘la 15 shtatida demokratlar va respublikachilar uchun partiya saylovlari bo‘lib o‘tgan kunda sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmagach, prezidentlik poygasidan chiqmoqda. U faqat Vermont shtatida g‘alaba qozona oldi.

Heylining nutqidan so‘ng Donald Tramp ham, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ham uning tarafdorlarini o‘zlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.