11-martdan boshlab Toshkent metropolitenidagi Yer usti halqa yo‘lining Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) bekatlari ish faoliyatini boshlaydi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur ikki bekatda 15-dekabr sanasida sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi. Oradan deyarli 2,5 oy o‘tib, endi metro bekatlarida yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatish boshlanadi.

“Mazkur sinov jarayonlari muvaffaqiyatli o‘z yakuniga yetkazildi va ushbu bekatlar 2024-yilning 11-mart sanasidan boshlab ertalabdan odatiy reja asosida yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatishni boshlaydi”, deyiladi izohda.

Bundan tashqari, yo‘lovchilarga qulay xizmat ko‘rsatish uchun metro vagon parklariga so‘ngi vaqtlarda 24 ta metro vagoni olib kelingan bo‘lsa, bugun yana 12 ta metro vagoni Toshkent shahriga kirib keldi. Shuningdek, may oyi so‘ngiga qadar yana 20 ta zamonaviy metro vagonlari olib kelish ham rejalashtirilgan.