Bolalar ombudsmani kotibiyatiga “Istiqbolli avlod” NNT orqali Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumanida yashovchi 2008-yilda tug‘ilgan A.D.dan murojaat kelib tushgan. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar qildi.

Qizning ma’lum qilishicha, u uyidagi tazyiq va yaqinlari uni tushunmasligi tufayli uydan chiqib ketgan. So‘ng bir tanishi uni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi qandaydir xonadonga olib borgan, mazkur xonadon egasi bo‘lgan ayol esa uni fohishalikka majbur qilgan. Lekin qiz muayyan vaqtdan keyin u yerdan qochib ketgan va ko‘mak so‘ragan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi. Tekshiruv natijasida Jinoyat kodeksi 131-moddasi, 4-qismiga (Voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qo‘shmachilik qilish) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani mazkur holat bo‘yicha bolaning manfaatlari nuqtai nazaridan o‘z kuzatuvini davom ettirishi aytilgan.