Isroil va Falastinning HAMAS guruhi o‘rtasida G‘azo sektorida sulh tuzish va garovdagilarni almashish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektorida garovga olingan isroilliklarni ozod qilish uchun jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini anklavdan olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Isroil esa, o‘z navbatida, mojaro HAMAS “tugatilmagunicha” to‘xtamaydi, demoqda.

HAMAS, Qatar va Misr muzokarachilari Ramazon oyi arafasida G‘azoda 40 kun o‘t ochmaslik bo‘yicha kelishuvga erishish uchun ayni damda Qohirada bo‘lib turibdi, deya ta’kidlaydi Reuters. Ammo Isroil tomoni muzokaralarda ishtirok etmayapti, chunki HAMAS hali tirik bo‘lgan garovdagilar ro‘yxatini taqdim etishdan bosh tortmoqda. HAMASning ta’kidlashicha, jangni to‘xtatmasdan turib buni aniqlash mumkin emas, chunki garovga olinganlar mojaro zonasi bo‘ylab “yoyilib ketgan”.

AQSh ham muzokaralarda vositachi sifatida qatnashmoqda. Avvalroq prezident Jo Bayden kelishuv taqdiri Falastin guruhi “qo‘lida” ekanini va HAMASga “oqilona taklif” kiritilganini aytgandi. “Agar biz [janglar] Ramazon oyida ham davom etadigan nuqtagacha yetib kelsak… bu juda xavfli bo‘ladi”, — degandi u.

Sulh bo‘yicha muzokaralar anklavdagi gumanitar vaziyat yomonlashayotgani fonida o‘tmoqda. Fevral oyi oxirida BMT G‘azo aholisining chorak qismi — 500 mingdan ortiq kishi — ocharchilikka “bir qadam” yaqin turgani va anklavning deyarli barcha aholisi oziq-ovqatga muhtojligidan ogohlantirgan edi.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar Isroilni G‘azoga yordam jo‘natmalari kirib kelishiga to‘sqinlik qilishda ayblamoqda, Isroil tomoni esa, o‘z navbatida, bu kabi ayblovlarni rad etmoqda. Natijada bir nechta davlatlar anklavga yordamni samolyotlar orqali yetkazib bera boshladi. O‘tgan hafta Qo‘shma Shtatlar harbiy samolyotlar yordamida G‘azo aholisiga ilk bor gumanitar yordam jo‘natgandi. Avvalroq Misr, BAA va Iordaniya ham G‘azoga samolyot orqali oziq-ovqat yetkazib bergan.