4-mart kuni “O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-114-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy statistika sifatini ta’minlash bo‘yicha bazaviy prinsiplari milliy statistika tizimiga joriy etilishini ta’minlash maqsadida 2024-yil yakuniga qadar:

  • rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan tarqatiladigan statistika ma’lumotlari Statistika ma’lumotlarini ishlab chiqishning namunaviy modeli (GSBPM) asosida shakllantiriladi;
  • BMT tomonidan tavsiya etilgan sifatni boshqarish bo‘yicha qo‘llanmalarni to‘liq joriy etish doirasida zarur tashkiliy choralar ko‘riladi.

Bunda:

  • rasmiy statistikani tayyorlovchilarning har birida rasmiy statistikada sifat va tarqatish siyosatlari ishlab chiqiladi;
  • BMT tomonidan ma’qullangan qo‘llanma (NQAF) asosida Milliy sifatni boshqarish qo‘llanmasi ishlab chiqiladi;
  • milliy statistika tizimini global baholashdan o‘tkazish tashkil etiladi va natijalari e’lon qilinadi.

2025-yil 1-yanvardan statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.

2024-yil yakuniga qadar “Statistika” integrallashgan axborot tizimi va “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.