Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekiston maktablaridagi infratuzilma va ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazib, mamlakatda ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir qator omillar mavjudligi aniqladi. Masalan, O‘zbekistondagi maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiya tizimiga ulangan, deyiladi tadqiqot natijalarida.

Bundan tashqari, ekspertlar quyidagi salbiy omillarni sanab o‘tgan:

  • Umumta’lim tizimiga sarflanayotgan davlat budjeti xarajatlari nomutanosib taqsimlangan.
  • Bitta o‘quvchi o‘rniga 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda.
  • Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar soni 2,1 mln nafardan oshiq bo‘lib, ular jami o‘quvchilarning 33 foizini tashkil etadi.
  • Maktablarning 16 foizga yaqini kapital ta’mirlashga muhtoj, 4,6 foizi esa umuman yaroqsiz holatda.
  • Umumta’lim maktablarida har bir o‘quvchiga 0,03 ta, qishloq joylarda esa 0,04 ta kompyuter to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich dunyo mamlakatlari bilan solishtirganda ancha past. Masalan, Qozog‘istonda har bir o‘quvchiga 0,72 ta, Ozarbayjonda 0,55 ta, Belarusda 0,55 ta, Turkiyada 0,25 ta, umumiy IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) mamlakatlarida esa 0,85 ta kompyuter to‘g‘ri keladi.
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘qituvchilar yuklamasi yuqori.
  • Respublika maktablarida chet tili, texnologiya va informatsion texnologiyalar fanlaridan o‘qituvchilar yetishmaydi.
  • O‘qituvchilar orasida attestatsiyadan o‘ta olmaslik ko‘rsatkichi yuqori va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lganlar soni kam.

Shuningdek, umumta’lim maktablarining 64,2 foizida oshxona yoki bufet, 95 foizida kutubxona, 79 foizida sport zali bor. Maktablarning 70,5 foizida vodoprovod mavjud. Umumta’lim maktablarining 99 foizi isitish tizimiga ega.

Respublikada faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablarining 15,9 foizi (1658 ta) kapital ta’mirga muhtoj. Ularning 63 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Aytib o‘tish joizki, Buxoro viloyatidan tashqari barcha hududlarda ta’mirlashga muhtoj maktablar mavjud. Ushbu maktablarning katta qismi Toshkent (219 ta), Surxondaryo (209 ta) va Qashqadaryo (204 ta) viloyatlarida joylashgan.

Maktablarning 4,3 foizi (451 ta) avariya holatida, ularning ham katta qismi, ya’ni 60,7 foizi qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Avariya holatidagi maktablarning asosiy qismi Qashqadaryo (101 ta) viloyatida joylashgan.

Umumta’lim maktablarining 98 foizida kompyuter sinflari mavjud. Har bir maktabga 1,4 tadan kompyuter sinfi to‘g‘ri keladi. Qishloqlarda joylashgan maktablarning 98,5 foizida kompyuter sinflari mavjud. Kompyuterlarning 71,6 foizi internet tarmog‘iga ulangan, qishloq joylarda bu ko‘rsatkich 69,4 foizni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ham mahalliy maktablar xorijiy maktablardan ortda qolmoqda. Xususan, Turkiyadagi maktablarda kompyuterlarning 92 foizi, Ozarbayjonda 80 foizi, Belarusda 85 foizi internet tarmog‘iga ulangan.