5-mart kuni Nyu-Yorkda (AQSh) O‘zbekiston va Lixtenshteyn o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Lixtenshteyn Knyazligining BMTdagi doimiy vakili Kristian Venvayzer imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shu tariqa, Lixtenshteyn O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 146-davlatga aylandi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 18-yanvar kuni Kampala shahrida Uganda O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 145-davlat bo‘lgandi.