5-mart kuni Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 29-maktabda bolalarga nisbatan yana bir zo‘ravonlik holati yuz berdi. Bu haqda video orqali murojaat olgan bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning matbuot xizmati xabar berdi. Unda bolaning boshidagi jarohatni davolashayotganini ko‘rish mumkin.

Qayd etilishicha, 5-sinfdagi o‘quvchilardan biri 12 yoshli U.J. 24 yoshli ingliz tili o‘qituvchisi M.E.dan hojatxonaga borishni so‘ragan, biroq o‘qituvchi unga javob bermagan.

Bola zarurat yuzasidan sinfdan chiqqan, birozda qaytgach, o‘qituvchi uning ruxsatsiz harakatidan va gaplashib o‘tirishidan jahli chiqib o‘z qo‘l telefonini o‘quvchiga qarata otgan. Buning oqibatida o‘quvchining boshi yorilgan.

Bolaga maktab hamshirasi tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilib, boshi bog‘langan. Uyga shu holatda borgan vaqtida bolaning onasi jarohatdan xabar topib, uni shifoxonaga olib borgan va bolaga zaruriy tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.