Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida mast erkak 4-sonli maktabga kirishga urindi, deb xabar qildi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Holat 4-mart kuni soat taxminan 15:40 larda sodir bo‘lgan. Maktab qorovuli 45 yoshli erkakni maktabga kirishga ruxsat bermagan, shundan so‘ng u janjal ko‘tarib, kurtkasi ichidan bolta chiqargan.

Chaqiruv olgan Milliy gvardiya xavfsizlik boshqarmasi tezkor guruhi 8 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borgan.

Erkak boshlang‘ich sinfda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan xotini bilan ko‘rishish uchun kelganini, boltani esa o‘tin chopish oldidan o‘tkirlatishga olib chiqqanini aytgan.

Milliy gvardiya xabariga ko‘ra, erkak tuman tibbiyot bo‘limiga olib borilgan, so‘ng mastlik holati bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga yotqizilgan.

Hodisa yuzasidan tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.