YouTube`da Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi qabristonda archa daraxtlari kesib tashlangani haqida video e’lon qilindi. Videoga viloyat Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.

Xabarga ko‘ra, 2024-yilning 7-yanvar kuni Farg‘ona viloyat Ekologiya boshqarmasi Quva tuman bo‘limi murojaatchi hamda Quva tuman hokimligi vakillari tomonidan joyiga borib o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganishlar davomida, qabristonda tegishli ruxsatnomasiz 62 tup daraxtlar tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan ostidan kesib tashlangan holati ma’lum bo‘lgan.

Hozirda, mazkur holatga ko‘ra hujjatlar rasmiylashtirilgan va javobgar shaxslardan olingan tushuntirish xatlariga asosan, Quva tuman prokuraturasi tomondan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ichki ishlar tomonidan tergov ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Avvalroq, prezident daraxtlarni kesish uchun jarima miqdorini 5 barobarga oshiruvchi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va yosh nihollarni noqonuniy kesish, ildizi bilan qo‘porish, shikastlash, yo‘q qilish yoki ko‘chirib o‘tkazish (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi) uchun jarima o‘rtacha 5 baravarga oshiriladi: fuqarolarga — BHM 5−10 baravaridan (1,7−3,4 mln so‘m) 25−50 baravarga (8,5−17 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun — BHM 10−15 baravaridan (3,4−5,1 mln so‘m) 50−75 baravarigacha (17−25,5 mln so‘m).