Italiya o‘smirlar terma jamoasining uch nafar sportchisi Italiyada o‘zbekistonlik 17 yoshli qilichbozni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi Radiotelevisione Italiana tayanib xabar berdi. Avvalroq, 3-mart kuni Italiyaning Il Messaggero gazetasi ham bu haqda yozgan edi (Rossiyaning “Kommersant” nashri bunga tayanib, rus tilida xabar e’lon qilgan).

Holat 2023-yilning 4-avgustidan 5-avgustiga o‘tar kechasi Italiya qilichbozlik federatsiyasi (FIS) tomonidan Kyanchano-Terme shahrida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini vaqtida sodir bo‘lgan.

Radiotelevisione Italiana xabariga ko‘ra, jabrlanuvchi tergovchilarga kechasi yig‘in ishtirokchilari uchun ziyofat bo‘lganini aytgan. Qiz nimadir ichgan, shundan so‘ng uch nafar yigit bilan bir xonada uyg‘ongan. Qiz u yerga qanday borib qolganini eslolmagan. Xonadan qochmoqchi bo‘lganida, qattiq og‘riqni his qilgan. U xonasiga qaytgach, jamoadoshiga bo‘lgan voqeani aytib bergan. Qizning tanasida ko‘karishlar va jarohatlar bo‘lgan. Xonadosh sherigi jabrlanuvchining onasiga qo‘ng‘iroq qilgan, shundan so‘ng ayol yetib kelib, qizini tez yordam bo‘limiga olib borgan va jinsiy zo‘ravonlik haqida politsiyaga xabar bergan.

Hozirda ikki nafar gumonlanuvchiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda, uchinchisiga nisbatan ish esa voyaga yetmaganlar bo‘yicha prokuratura tomonidan tekshirilmoqda, chunki uning o‘zi hali 18 yoshga to‘lmagan. Ular ayblovlarni rad etib, aybsiz ekanini ta’kidlamoqda.

Jabrlanuvchining advokati Lusiano Guidarelli prokuratura va Italiya qilichbozlik federatsiyasining tergov ostidagi sportchilarga nisbatan chora ko‘rishdagi munosabatini qoraladi, deyiladi xabarda.

Italiya qilichbozlik federatsiyasining ta’kidlashicha, “vaziyatga oydinlik kiritish va tergovni rivojlantirish uchun sud organlari bilan bir necha marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokamalar o‘tkazilgan, shuningdek, har qanday sud protsessida fuqarolik da’vogar sifatida ishtirok etish uchun ariza berilgan”.

Kyanchano-Terme meri Andrea Marketti munitsipalitet zo‘ravonlik jabrlanuvchisi va uning oilasiga to‘liq qo‘llab-quvvatlov va birdamlik izhor qilib, “shaxsiga aniqlik kiritilgan” zahoti ayblanuvchilarga qarshi fuqarolik da’vosi qo‘zg‘alishini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi 5-mart kuni bu ma’lumotni rad etib, 2023-yil avgust oyi boshida qilichbozlik bo‘yicha terma jamoa a’zolari Italiyadagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida emas, Xitoyda bo‘lib o‘tgan Butunjahon Universiada musobaqalarida ishtirok etganini ma’lum qilgan.

Munosabatda “bu asossiz, ishonchsiz va, boz ustiga, tekshirilmagan ma’lumotlarning chop etilishi sohta va yolg‘on” ekani hamda “ayrim internet saytlari muharrirlari OAVning axloqiy me’yorlariga rioya qilmayotgani” qayd etilgan.

“Bu ma’lumot o‘zbekistonlik qilichbozlarimiz jahon reytingida yetakchilik qilayotgan bir paytda Italiya qilichbozlik federatsiyasi rahbariyati tomonidan tayyor ssenariy asosida yozilgan maxsus tayyorlangan yolg‘on xabardir”, — deyiladi xabarda.

Federatsiyaning ta’kidlashicha, bunday urinishlar “kuchli sportchilarga bevosita qaratilgan sport va siyosiy o‘yinlarning eng keng tarqalgan usullaridan biri” hisoblanadi.