Andijon viloyati Asaka tumanida mansabdorlar pora bilan qo‘lga olindi, deya xabar qildi Davlat xavfsizligi xizmati.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Asaka tumani Ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasining sobiq xodimi Asaka tumani prokurori o‘rinbosari orqali, mazkur tuman prokuraturasi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida, qurilish firmasi rahbariga nisbatan qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasini o‘zgartirib, tergov harakatlari davomida aniqlangan zarar summasini qayta nazorat-o‘lchov tadbirlari o‘tkazish orqali kamaytirib berish evaziga, ayblanuvchining yaqinlaridan 15 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan to‘plangan materiallar asosida sobiq tergovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida tuman prokurori o‘rinbosari ham ushbu jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilindi. Hozirda ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Boshqa holatda esa Asaka tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari topshirig‘iga asosan, unga tegishli chorvachilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga uzoq muddatga ijaraga berilgan yer maydonining 50 sotix qismini sotish hamda tuman kadastr bo‘limi orqali ushbu yer maydonining toifasini noturar joyga o‘zgartirib, hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 40 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tuman hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i oldindan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu pul mablag‘idan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Kadastr agentligining Asaka tuman bo‘limi boshlig‘i ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda Asaka tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i va Kadastr agentligining Asaka tuman bo‘limi boshlig‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.